18:30 / 26.04.2019
51055

Yo‘l harakatining biz bilmagan qoidalari

Toshkent shahrida 2019 yilning dastlabki 3 oyida 201ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisalari oqibatida 18 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 234 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. YTH soni o‘tgan yilgiga nisbatan 35 foizga kamaygan. Halok bo‘lganlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 51,4 foiz, jarohatlanganlar soni esa 38,7 foizga pastlagan, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov Kun.uzʼga bergan intervyusida.

3 oy ichida 18 kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, bir yilda bu ko‘rsatkich qanchani tashkil qiladi? Xo‘sh, bu holatga nima sabab bo‘lmoqda? O‘lim ko‘rsatkichini keskin kamaytirish imkoniyati bormi? Bunday holatlarning oldini olish uchun piyoda va haydovchilar qanday choralarni ko‘rishlari kerak? Shu va shunga o‘xshash boshqa bir qator savollarimizga Akmal Yunusovdan batafsil javob olishga harakat qildik.

Piyodalar uchun zaruriy qoidalar:

Eng avvalo hushyor bo‘lish. Chunki, ko‘chaga chiqqan har bir piyoda bevosita yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanadi. Shuning uchun atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan e'tiborli bo‘lish talab etiladi. Yo‘lni kesib o‘tayotganda yoki uning qatnov qismida harakatlanayotganda quloqchin taqib musiqa tinglash, video tomosha qilish, kitob o‘qish qat'iyan taqiqlanadi. Bunga nima uchun amal qilish kerak? Svetofor qizil chirog‘ini ko‘rgan haydovchi o‘z-o‘zidan to‘xtaydi-ku, deguvchilar bor. Ammo bunday fikrlovchilar shuni unutmasinlarki, ko‘cha doimo tasodiflarga to‘la bo‘ladi. Bundan tashqari, qoidalarga amal qilmaydigan haydovchilar, chorrahalardan to‘siqsiz o‘tish huquqiga ega bo‘lgan transport vositalari ham bor. Shu sababli hushyorlik har ikki tarafdan bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yorqin kiyim. Kechqurunlari haydovchilar piyodalarni payqamay qolishadi. Bu ham YTH sodir bo‘lishiga olib keladi. Ayniqsa, maktab o‘quvchilariga nur qaytaruvchi elementlari bor yorqin rangli kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shunda haydovchi uzoqdagi piyodani ko‘ra oladi va tezlikni kamaytirib ehtiyot choralarini ko‘radi.

Jamoatchilik nazorati. Yon-atrofda yo‘l qoidasini buzayotgan piyoda va haydovchilarni ko‘rganda bu noto‘g‘ri ekanligini qoidabuzarning o‘ziga aytish yoki huquq organlariga xabar qilish kerak. Jamoatchilik nazoratining yetarli darajada emasligi, bo‘layotgan voqea va hodisalarga befarqlik qoidabuzarliklar ko‘payishiga, oxir-oqibat YTHga olib kelishi mumkin. Shuningdek, iste'molchi sifatida jamoat transportidan, taksi xizmatidan foydalanayotganda haydovchidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, tezlikni me'yoridan oshirmagan holda harakatlanishni talab qilish kerak. Harakatlanishdan oldin xavfsizlik kamarini taqishni odat qilish orqali o‘z xavfsizligimizni ta'minlagan bo‘lamiz.

Shaxsiy namuna bo‘lish. Har bir fuqaro ko‘chada o‘z xatti-harakatini nazorat qila olishi lozim. Farzandlari bilan avtomobilda yoki piyoda ketayotgan fuqaro himoya kamarini taqmasa, ko‘chaning belgilangan joyidan harakatlanmasa, bu holatlar yana davom etaveradi. Kattalar yoshlarga namuna bo‘lishi kerak.

Huquqiy ong. Yo‘l harakati qoidalarini o‘rganish, uni takrorlab borish zarar qilmaydi. Sohada bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarishlardan boxabar bo‘lish har tomonlama foydali.

Shu o‘rinda haydovchilarning majburiyatlarini yana bir karra eslatib o‘tamiz:

Yo‘lga chiqishdan oldin avtomobilning texnik sozligini tekshirish zarur.

Avtomobil saloni to‘liq jihozlangan (tibbiyot qutisi, nur qaytargichli kamzul va boshqa kerakli buyumlar) bo‘lishi lozim. Turli sabablar bilan tungi vaqtda yo‘lda avtomobil buzilib qolganda nur qaytargichli kamzul kiyib olish haydovchini xavfdan saqlab turadi.

Yo‘l sharoiti va ob-havoni hisobga olgan holda harakatlanish joiz.

Haydovchi harakatlanishni boshlashdan oldin yo‘lovchilar transport vositasida joylarini egallaganiga, transport vositasi eshiklari yopilganiga ishonch hosil qilishi, harakatlanayotgan vaqtda avtomobil salonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish taqiqlangani, transport vositasi harakatlanishni boshlanishidan oldin xavfsizlik kamarini taqib olish shartligi haqida yo‘lovchilarni ogohlantirishi shart.

Huquqiy bilimni oshirish ham turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini oladi. Har bir haydovchida yo‘l harakati qoidalari kitobchasi bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartishlardan ham xabardor bo‘lib turish lozim.

Tezlikni me'yorida saqlash. Hozir aholi yashash punktlarida tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirgan holda harakatlanish taqiqlangan. Haydovchi piyodalar yo‘lakchasi va serqatnov, aholi gavjum joyga yetib kelganida vaziyatga qarab tezlikni pasaytirishi kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, soatiga 70 km. tezlik bilan kelayotgan avtomobil haydovchisi biror xavfni ko‘rib, tormoz pedalini bosgandan to to‘liq to‘xtagunigacha avtomobil 56 metr yo‘lni bosib o‘tar ekan.

YTH sonini qisqartirish uchun nima qilish kerak?

Ta'lim. Afsuski, bu sohada kamchiliklar talaygina. Hozir faqat birinchi sinflarga yiliga 17 soatlik yo‘l harakati darslari kiritilgan. 2018 yil 30 avgustda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qaroriga asosan, maktabgacha ta'lim muassasalarida yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini nazariy-amaliy va ko‘rgazmali tarzda o‘qitish, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari, yong‘inlarning oldini olish, yong‘inlar paytida, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha nazariy-amaliy ko‘nikmalarni singdirish va mustahkamlash maqsadida «Hayotiy faoliyat xavfsizligi» majburiy fanini joriy etish, dasturlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash vazifasi yuklatilgan edi. Qaror chiqqaniga 8 oy bo‘lyapti, lekin mutasaddi tashkilotlar jim.

Bog‘cha, maktab yoshidan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatilmasa, qilinayotgan ishlar samara bermaydi.

Targ‘ibot. OAV bilan hamkorlik qilish, bo‘layotgan ishlar to‘g‘risida aholiga axborot yetkazish, ta'lim muassasalari, korxona-tashkilotlarga borib tushuntirish ishlari olib borish, qo‘llanma, varaqalarni tarqatish. Bu yo‘nalishga moliyaviy tomondan yordam berilayotgani tufayli ancha jonlanib qoldi.

Axborot texnologiyalaridan keng foydalanish. Bunda yo‘llarga yetarlicha kuzatuv kameralari, fotoradarlar o‘rnatish, yo‘l patrul xizmati xodimlariga xizmat vazifasini tez va oson bajarishlari uchun kerakli texnologiyalar bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. 

Normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 377-sonli qarori bilan tasdiqlangan konsepsiya va ushbu konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ijrosini ta'minlash maqsadida, o‘tgan davr mobaynida 3ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, bitta qonun 2018 yil 23 oktyabrda kuchga kirdi. Unda ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar uchun jarimalar miqdori oshirildi, jazo turlari kuchaytirildi. Masalan, oldingi qonunchilikka ko‘ra, spirtli ichimlik iste'mol qilib avtomobilni boshqargan fuqaro sud idoralari tomonidan bir yilu olti oydan uch yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, endi unga qo‘shimcha ravishda yangi kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra EKIHning 25 baravari miqdorida jarima ham undiriladi.

Xulosa qilib aytganda, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishida kichik xato ham katta talafotlarni keltirib chiqarishi mumkin. Eng, avvalo, har birimiz ongli ravishda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda harakatlanishimiz, qoidabuzarliklarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishimiz, bu borada o‘z fuqarolik pozitsiyamizni ko‘rsatmog‘imiz zarur. Islohotni o‘zimizdan boshlashimiz lozim.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Top