12:30 / 27.04.2019
4752

Energetika taraqqiyotining istiqbolli yo‘nalishlari xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda muhokama qilindi

Joriy yilning 26 aprel kuni Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida “Muqobil energiya – O‘zbekiston energetika tizimi taraqqiyotining istiqbolli yo‘nalishlaridan biri” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar doirasidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari davlat Dasturini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5646-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-F-sonli “2019 yilda o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlarni o‘tkazish rejasi to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman quyidagi sho‘'balar bo‘yicha o‘z ishini olib bordi:

  1. Milliy iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida energiya manbalaridan foydalanishning joriy holati hamda mavjud muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari;
  2. Muqobil energiya manbalaridan foydalanishda “fan-ta'lim-ishlab chiqarish” integratsiyasini ta'minlash masalalari;
  3. Muqobil energiya manbalaridan foydalanishda ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Fizika–Quyosh” IIChB Fizika-texnika instituti, “O‘zbekenergo” AJ, Quyosh energiyasi xalqaro instituti va boshqa bir qator sohaga tegishli bo‘lgan 150 dan ortiq idora-tashkilot vakillari hamda institutning talabalari ishtirok etdi.

Shuningdek, anjumanda Yodju texnika instituti hamda bir qator tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Fizika – Quyosh” IIChB Fizika-texnika instituti bilan o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Xabaringiz bor, shu yilning 18-21 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In mamlakatimizga tashrif buyurgan chog‘da, ikki davlat o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-marifiy sohalarda hamkorlik bo‘yicha qo‘shma kelishuvlar imzolangan edi. Mazkur tashrif doirasida Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti ham Koreya Respublikasi Milliy Kutubxona Assambleyasi (The National Assembly Library, Republic of Korea) bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik Memorandumi imzolandi. Mazkur Memorandum asosida endilikda Institut talabalari O‘zbekistonda ta'lim olish bilan bir vaqtda, Koreya Respublikasi Milliy Kutubxona Assambleyasida mavjud bo‘lgan 650 ming ingliz tilidagi, 300 ming yapon tilidagi va 200 mingdan ortiq boshqa chet tillardagi hamda 3 milliondan ortiq koreys tilidagi kutubxona fondidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.    

Anjuman yakunlari bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar hamda uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Top