10:30 / 27.04.2019
10023

FIFA kelishilgan o‘yinlarda aybdor deb topilgan 9 nafar shaxsni futboldan chetlatdi

Foto: Getty Images

FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishda ishtirok etgan 9 nafar shaxsni umrbod futboldan chetlatdi.

O‘FA rasmiy saytiga ko‘ra, sanksiya qo‘llanganlar orasida amaldagi va sobiq futbolchilar hamda futbol agenti bor, ular FIFA Tartib-intizom kodeksining 69-moddasiga asosan umrbod futboldan chetlatilgan.

Ushbu to‘qqiz nafar shaxsning to‘rt nafari Afrika qit'asidan, uch nafari KONKAKAFga a'zo davlatlardan va bir kishi Osiyo futboli vakilidir: Xellings Mvakasungula (Malavi), Ibrohim Kargbo (Serra-Leone), Kudzanay Shaba (Zimbabve), Seidat Chomogo (Benin), Karlon Myurrey (Trinidad va Tobago), Keyno Tomas (Trinidad va Tobago), Leonel Duarte (Kuba), Muhammed Salim Isrofil Ko‘histoni (Afg‘oniston).

Xabarda aytilishicha, «Kelishilgan o‘yinlar qiroli» nomli kitobi orqali mashhur bo‘lgan singapurlik Uilson Raj Perumal tomonidan natijasiga ta'sir ko‘rsatilgan deb topilgan bir qator xalqaro o‘yinlar yaxshilab o‘rganib chiqilganidan keyin yuqorida nomlari tilga olingan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan.

«FIFA bu ishlar bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda bir necha yillar davomida surishtiruv va tekshiruv ishlarini olib bormoqda», – deyiladi xabarda.

Top