11:20 / 29.04.2019
16670

Jonli Messi va jonsiz «Real». «Barselona»ning chempionligi sabablari

Katalonlar muddatidan avval Ispaniya chempionligini nishonlashdi. Buning asosiy sababchisi kimlar bo‘ldi?

Bir jamoa chempionati
Ispaniyada ko‘p yillardan beri asosiy sovrin uchun raqobat faqat ikki jamoa - «Barselona» va «Real» o‘rtasida kechishi, qolgan jamoalar birinchi o‘rinni maqsad qilishmasligi tanqid  ostiga olib kelinardi. Diyego Simeonening «Atletiko»si paydo bo‘lganidan keyin tanqidchilarning ovozi biroz o‘chdi - «matraschilar» 2014 yilda ikki grandni ham ortda qoldirib, chempion bo‘lgandi va o‘shandan beri bu jamoa ham birinchi o‘rin uchun kurashadigan bo‘ldi.

Ispaniya futboliga faqat so‘nggi yillarda qiziqa boshlagan futbol muxlisi bunday munozaralardan hayron bo‘lishi tabiiy. «Qanaqasiga ikki yoki uch jamoa raqobat qiladigan chempionat? Bitta, faqat bitta!», deydi undaylar. «Barselona» keyingi 11 yil ichida 8 bor oltin medallarni ko‘ksiga taqqan (Agar keyingi 15 yil, ya'ni Messi ushbu jamoaning asosiy tarkibida o‘ynay boshlaganidan buyon hisoblansa 10 bor chempionlik).

Ko‘k-anorranglilar shanba kuni «Levante»ni yengish orqali o‘z tarixidagi 26-chempionlikni nishonlashdi. Katalonlarning bunday muvaffaqiyatida kimlar aybdor?

Raqobatchilarning erta taslim bo‘lishi
Avvalo qayd etish kerakki, kataloniyaliklarning oltiniga «Real» va «Atletiko» hammualliflik qilishdi. Ko‘k-anorranglilarning asosiy raqibi «Barsa» bu mavsumda hech qanday raqobatni his qilmasligi uchun barcha ishni qilishdi. Mavsumdagi sharmandali muvaffaqiyatsizlikdan (YeChL nimchorak finalida «Ayaks»ga yirik mag‘lubiyat, ichki chempionat va Ispaniya Kubogida «Barsa»dan mag‘lubiyatlar) va olti oy ichida ikki murabbiy iste'fosidan (Xulen Lopetegi va Santyago Solari) keyin Florentino Peres bu mavsumni «qurbon» qilib, jamoani qayta qurishga kirishdi. Madridliklarning qo‘shnisi esa o‘tgan yil yozida asosiy hujumchisi Antuan Grizmanni tarkibda saqlab qolishga erishgan bo‘lsada, barqarorlikni yo‘qotdi va medal uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblarga qarshi o‘yinlarda g‘alabaga erisha olmadi («Real» bilan 0:0 va 1:3, «Barselona» bilan 1:1 va 0:2). Qolaversa, jamoaga bu mavsumda gollar yetishmadi - La Liganing 35 turidan keyin atigi 52ta gol, Valverde jamoasida esa 86ta.

«Qirollik klubi» 2018-19 yilgi mavsumni alam bilan eslab qoladi, bu mavsumdagi klasikolarda ular umumiy hisobda 2:10ga yutqazishdi (+0=1-3). Katalonlar esa klasikolardagi g‘alabalar soni bo‘yicha ilk marta oldinga o‘tib ketdi (96:95).

Maydonda yolg‘iz Leo

«Levante»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba goli bu o‘yinni zaxirada boshlagan Leo tomonidan urilishida ramziy ma'no bor. Argentinalik bu futbolchi hamma mavsumlarda ham ko‘k-anorranglilarning asosiy futbolchisi bo‘lib kelgan, ammo bu safar chindan ham uning yolg‘iz o‘zi jamoani yelkasida ko‘tarib yurmoqda. Asosiy chorlovsiz - Italiyani zabt etish uchun yo‘l olgan Krishtianu Ronaldusiz chempionatda ham unda motivatsiya yo‘qolmadi, u Yevropada eng yaxshi to‘purar sifatida qolmoqda - 34 gol va 15 golli uzatma. Gollar soni bo‘yicha ham, uzatmalar soni bo‘yicha ham yaqqol peshqadam. U bu mavsumda «Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogar (YeChL natijasi barchasini hal qiladi).

Messi bu mavsumda ayniqsa jarima zarbalaridan unumli foydalanish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkich qayd etmoqda. Barcha turnirlar doirasida «shtrafnoy»dan 7ta gol, shundan 3tasi La Liganing qatorasiga 3 o‘yinida urilgan. Kataloniya derbisidagi panenka uslubidagi jarima zarbasi esa muzey uchun.

Mark-Andre ter Stegen - devor
«Barselona»ning germaniyalik darvozaboni Germaniya termasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyovni afsuslantirgan holda javlon urdi (murabbiy Rossiyadagi jahon chempionatiga yoshi o‘tgan va jarohatlar o‘z izini qoldirgan Manuel Noyyerni olib ketishga qaror qildi va bu muvaffaqiyatsizlikning bosh sababchilaridan biriga aylandi). U navbatdagi mavsumda jamoa qutqaruvchisi vazifasini bajarmoqda. Ha, «Barselona» «Betis»ga qarshi (3:4) va «Vilyarreal»ga qarshi (4:4) o‘yinlarda saxiylik qildi, ammo aksar o‘yinlarda ter Shtegen va uning Pike hamda Langledan (yosh fransuzning o‘yini bu mavsumda sezilarli darajada o‘sdi) iborat mudofaa chizig‘i juda ishonchli harakat qilishdi.

Chumolidek mehnatkash
Ernesto Valverde katalonlar jamoasidagi ilk mavsumida saboq bo‘luvchi xatolarga yo‘l qo‘ygandi, ikkinchi mavsumda esa u xatolari ustida ishlab, tajribasini foydali tomonga yo‘naltira oldi. Mavsumdagi hal qiluvchi o‘yinlarda (chempionatdagi safar klasikosi, YeChLda «MYu»ga qarshi safar o‘yini) «Barsa» natija uchun o‘ynay olishini ko‘rsatdi va zerikarli o‘ynab bo‘lsada raqibni ilojsiz qoldirdi. Tomoshaboplik o‘rniga ishonchli harakatlanish - har qanday mehnat natija bilan baholanadi. «Chumoli»ning mehnatini qadrlashdi - u bilan shartnoma yana bir yilga uzaytirildi.

Artur va Arturo
O‘tgan mavsumda ko‘k-anorranglilar jamoasi markazida Paulino yorqin o‘yinlar ko‘rsatgandi. Shuning uchun, braziliyalik bu futbolchi Xitoyga qaytib ketganida, jamoaning asosiy «sehrgari» Inesta Yaponiya chempionatiga yo‘l olganida bu jamoada kimlar buzuvchi va tuzuvchi vazifalarini bajarishi noaniq edi - birgina Busketsning o‘zi barchasiga ulgurmasligi tayin edi.

Bu savollar tezlik bilan hal qilinishi kerak edi. Birinchi javob yana bir braziliyalik bo‘ldi - hamma kutganidek Koutino emas, Artur. Ikkinchisi chililik «qirol» Vidal. Deyarli adash bo‘lgan Artur va Arturo jamoaviy o‘yinga qo‘shilib ketishdi: biri jamoa hujumi rivojlanishi uchun mas'ul, ikkinchisi to‘p raqib oyog‘ida uzoq vaqt ushlanib qolmasligini ta'minlashgan. Barchasi ko‘ngildagidek kechdi.

Hali qarilikni tan olmayotgan Suares (barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda 24 gol va 12 golli uzatma) va yelkasini davolab qaytgan Dembele (14 gol va 9 golli uzatma), nisbatan yaxshi mavsum o‘tkazgan Koutino (11 gol va 5 golli uzatma) Messi yo‘q vaqtlarda ham (u mavsum davomida ikki marta jarohat tufayli safdan chiqqandi) jamoani olg‘a yetaklashdi va birgalikda oltin uchun intilishdi.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Kataloniya poytaxti uyqu bilmadi.

Ammo shahar asosiy bayramni iyun oyi boshiga mo‘ljallagan - axir Messi mavsum boshida Chempionlar ligasining «quloqli kubogi»ni «Kamp Nou»ga qaytarishni va'da qilgandi.

Top