16:54 / 30.04.2019
121462

AQSh O‘zbekistonga «Jasliq» qamoqxonasini yopishni tavsiya qildi

Illyustrativ foto/RIA Novosti

Amerika Qo‘shma Shtatlarida dunyodagi diniy erkinlik to‘g‘risida hisobot taqdim etildi.

Hisobotda qayd etilishicha, diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro komissiya O‘zbekistonga diniy sabablarga ko‘ra ayblangan ko‘plab mahbuslar saqlanuvchi «Jasliq» qamoqxonasini yopishni tavsiya etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil dekabr oyida Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, KXDR, Tojikiston, Turkmaniston va bir qator boshqa davlatlar AQSh Davlat departamenti tomonidan tuzilgan, diniy erkinliklarni buzayotganlar ro‘yxatiga kiritildi.

O‘shanda Pompeo Rossiya, Komor orollari va O‘zbekistonni maxsus «kuzatuv ro‘yxatiga» kiritdi, sababi ushbu mamlakatlar hukumatlari «diniy erkinlikning jiddiy buzilishlariga» yo‘l qo‘ymoqda deyilgan. Idora buzilishlar nimadan iborat ekanligiga aniqlik kiritmagan.

«Butun dunyo bo‘ylab ko‘plab joylarda odamlar shunchaki o‘z e'tiqodiga muvofiq yashayotgani tufayli ta'qib qilinmoqda, hibsga olinmoqda yoki halok bo‘lmoqda. Qo‘shma Shtatlar bunday zo‘ravonliklarni shunchaki kuzatib o‘tirmaydi», - deya ma'lum qildi Pompeo.

Davlat departamenti rahbarining ta'kidlashicha, diniy erkinlikni himoya qilish tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun muhimdir. Shunga qaramasdan, u Vashington ro‘yxatga tushgan mamlakatlar bilan nima qilishiga, ularga qarshi sanksiyalar joriy etilishi yoki etilmasligiga aniqlik kiritmadi.

Top