12:26 / 30.04.2019
58369

«Snos» mojarosi yakuni: Toshkent hokimi va investor o‘rtasida «yopiq eshiklar ortida»gi muloqot natijasi qanday bo‘ldi?

27 aprel kuni Toshkent shahri hokimiyati binosida shaxsiy qurilishlar sifatida rasmiylashtirilgan ko‘p qavatli uylar qurilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ochiq bahs bo‘lib o‘tgan, unda qurilishlari sud hukmisiz «snos»ga tushgani tufayli mahalliy hokimiyat faoliyatidan jabrlanuvchi sifatida investor Muhammadbobur Xo‘jayev va xususiy quruvchi Aziz Zokirov, shuningdek poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning o‘rinbosarlari, Artel va Akfa kompaniyalari xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etgandi.

Muloqot asosan shahar hokimi investorni ketma-ket savollar bilan o‘qqa tutishi tarzida kechgan, investor bu bahsga tayyor bo‘lmagani ko‘rinib qolgandi. Muloqot arafasida qurilishlari buzib tashlangani uchun hokimlikdan 1,35 million dollar atrofidagi tovon puli talab qilib turgan investor yakunda bu da'vosidan voz kechish holatiga kelgandi - Jahongir Ortiqxo‘jayev unga noqonuniy faoliyati bo‘yicha misollar keltirib o‘tgandi.

Bir yarim soatga yaqin davom etgan bahsdan so‘ng tomonlar yana alohida, yakkama-yakka muloqot o‘tkazishgan, biroq bu uchrashuv yakunlari bo‘yicha OAVga ma'lumot berilmagandi.

Biz mazkur masalada Muhammadbobur Xo‘jayevga yuzlandik va bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan undan navbatdagi fikrlarini so‘radik.

«O‘sha kuni Jahongir Obidovich bilan tet-a-tet (yuzma-yuz) shaklida suhbatlashganimdan so‘ng fikrlarim mutlaqo o‘zgardi. Yaxshi inson ekanlar, men noto‘g‘ri fikrda yurgan ekanman. O‘sha kuni menga o‘z xatolarimni ko‘rsatib, biznesimga aloqador tegishli maslahatlarini berdi. Ichida kibri yo‘q yaxshi inson ekanlar.

Ko‘chada juda ko‘p tadbirkorlar bilan suhbatda bo‘lganman. Ham katta tadbirkor, ham shahar hokimi bo‘lib oddiy fuqaroga vaqt ajratganlari meni hayron qoldirdi», - deydi investor.

U keyingi oylar davomida turli nashrlarda masalani chuqur o‘rganmasdan bildirgan fikrlaridan afsusdaligi va buning uchun hammadan uzr so‘rashini aytib o‘tdi.

O‘sha kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev qurilish bo‘yicha xalqaro ekspertlarni olib kelib, uning mulklarini tekshirtirish bo‘yicha taklif bergandi. Investordan mazkur taklifga qanday javob berishini so‘radik.

«Bu masaladan ko‘rqayotganim yo‘q. Ba'zi binolarda kamchiliklar bo‘lgan. Bu masalada mijozlar bilan qonunan kelishib oldik. Kamera qarshisida o‘ynaydigan aktyor emasman. Xatolarimni to‘g‘rilayman. Hokim haqida tarqalgan ko‘p mish-mishlar yolg‘on bo‘lib chiqmoqda. Bu shaxsiy fikrim. Mana yordam bermoqda. Boshqa insonlardan ham o‘z yordamini ayamasa kerak», - deydi u.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

U agar qaysidur fuqaroning biror-bir muammosi bo‘lsa, hokimning qabuliga yozilib shaxsan suhbatlashishi kerakligini maslahat berdi va o‘zi ham bundan keyin qonun doirasida faoliyat yuritishini ta'kidladi. Shuningdek, barcha ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va uni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlarga o‘z tashakkurini bildirib o‘tdi.

Zafarbek Solijonov suhbatlashdi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top