01:03 / 30.04.2019
10188

Xiaomi asoschisi Gree Electric rahbariga milliard yuanlik bahsni boy berib qo‘ydi 

Foto: Jason Lee / REUTERS

Xiaomi bosh direktori va hamasoschisi Ley Tszyun 2013 yil Xitoy televideniyesi efirida Xitoyda konditsionerlar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya Gree Electric rahbari Dun Minchju bilan bahs boylagan. Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, ular 5 yildan keyin kimning kompaniyasi tushumi ko‘proq bo‘lishiga bahs boylashgan. Ley Tszyun o‘shanda uning kompaniyasi daromadlari 5 yildan keyin Gree’nikidan oshib ketishini aytgan.

“Butun mamlakat bizga guvoh bo‘lsin. Agar 5 yildan keyin daromadimiz Gree’nikidan ko‘proq bo‘lsa, rais Dun menga 1 yuan berasiz”, deb aytgan o‘shanda Ley. Dun esa o‘z navbatida stavkani bir milliard yuangacha (hozirda 149 mln dollarni tashkil qiladi) ko‘tarishni taklif qilgan. 

O‘tgan hafta Gree 2018 yil uchun tushumi 198 mlrd yuanni tashkil qilgani haqida hisobot bergan. Xiaomi’ning shu vaqt ichidagi tushumi esa kamroqni – 178 mlrd yuanni tashkil qilgan. 

Ley Tszyun bahsda yutqazilgan pullarni to‘lab berishi-bermasligi noma'lum. Kompaniyalar ham vaziyatga izoh berishdan bosh tortishgan. Ta'kidlanishicha, 2013 yilda ushbu bahs yangi kompaniyani o‘shanda tushumdan boshlab fabrikalar va xodimlar sonigacha bo‘lgan barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldirgan ulkan kompaniyaga dadil chaqiriqdek qabul qilingan. Uning ustiga, Xitoyning qit'adagi qismida qimor o‘ynash taqiqlangan.

Ley Tszyun hozirda 9,6 mlrd dollar boylik bilan Forbes nashri ro‘yxatida 143-o‘rinni egallamoqda.

Mavzuga oid
Top