8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

10:05 / 01.05.2019 4131

O‘zbekistonda genetik modifikatsiyalangan mahsulotlarni tartibga solish taklif qilinmoqda 

Foto: Shutterstock

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida genetik modifikatsiyalangan mahsulotlarni tartibga solish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlari oziq-ovqat do‘konlarida genetik modifikatsiyalangan organizm (GMO)lar mavjud mahsulotlarning turi va soni ortdi.

GMO - bu irsiyat muhandisligi (geninjyeneriya) usuli bilan genotipi o‘zgartirilgan organizmni anglatadi. Odatda GMO - o‘simliklar va hayvonlardan katta afzalliklarga ega bo‘lgan mahsulotni olish, ya'ni mahsulotning tannarxini pasaytirish, hosildorligini keskin ko‘paytirish va saqlash muddatini uzaytirish, zararkunandalarga chidamliligini oshirish maqsadida ishlab chiqariladi. Hozirgi kunda genetik jihatdan o‘zgartirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyati soya, kartoshka, jo‘xori, bug‘doy va boshqa mahsulotlar hisoblanadi. 

“Bir qarashda, biotexnologiya sanoati rivojlanishi va genetik o‘zgartirilgan mahsulotlarni urug‘lar va maxsus kimyoviy moddalar yordamida ko‘plab mamlakatlarda joriy etilishi, birinchi navbatda, GMO mahsulotlarning mahsuldorligi va nisbiy arzonligi bilan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlashning global muammosini hal qilishda yordam beradi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Shu bilan birga, GMOni yaratish, uning mahsulotlarini iste'mol qilishning ziyon va xavflari haqida turli ma'lumotlar mavjud. GMO ichki organlar patologiyasi, allergiya, onkologiya, shuningdek bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. GMO mahsulotlarni nazoratdan o‘tkazilmasdan foydalanishi nafaqat aholi salomatligiga, balki kelajak avlod salomatligiga va millat genofondiga jiddiy xavf solishi mumkin.

“Shu munosabat bilan, tarkibida shunday organizmlar mavjud bo‘lgan oziq-ovqatlarni davriy va chuqur tekshiruvlardan o‘tkazish, ularning inson salomatligiga jiddiy zarar keltirishi aniqlanganda, mazkur qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qishloq xo‘jaligida yetishtirish, ishlab chiqarish, sotish va iste'mol qilishni taqiqlovchi qonun hujjati ishlab chiqilishini taklif qilamiz”, - deyiladi petitsiyada.

Top