14:32 / 01.05.2019
43181
Toshkentdan viloyatlarga 8 yo‘nalishda muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi
Foto: O‘zA

Transport vazirligi matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, bugundan e'tiboran sakkiz yo‘nalishda muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘zA’ning yozishicha, bular - “Toshkent – Guliston – Yangiyer”, “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent - Navoiy – Buxoro”, “Toshkent – Termiz”, “Toshkent – Zomin”, “Toshkent – Gagarin”, “Toshkent – Denov”, “Toshkent – Qorako‘l”.

“Uzavtotrans Service” korxonasining “YUTONG” avtobuslari qo‘yilgan mahalliy qatnovlar har kuni “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriladi. Avtobuslar zamonaviy bo‘lib, ularda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar mujassam. Konditsioner, iqlim nazorati, multimedia tizimi shular jumlasidan. Bu jarayonda xavfsizlik masalalariga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, yo‘nalishga jo‘naydigan har bir avtobus texnik ko‘rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Avtobuslarning sanitar holati muntazam nazorat ostida bo‘lib, qatnov jarayoni GPS tizimi orqali onlayn nazorat etiladi.

Ertadan boshlab, “Toshkent – Turkiston”, “Toshkent- Olmaota”, “Toshkent- Ushkunur”, “Chirchiq- Ushkunur” yo‘nalishlarida xalqaro qatnovlar ham boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “Uzavtotrans Service” mas'uliyati cheklangan jamiyati Xitoyda ishlab chiqarilgan 100 dona yumshoq o‘rinli “YUTONG” avtobusini xarid qildi.

Ushbu avtobuslarda barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanishda mamlakatning ichki, tashqi turizmini rivojlantirish hamda xorijiy davlatlarga ishlash uchun boruvchi yurtdoshlar va mehmonlarni xavfsiz manziliga yetishini ta'minlaydi, deyiladi xabarda.

Top