11:05 / 01.05.2019
7400

Samarqandda «Damas» fuqaroni urib ketdi. YTHni Surxondaryoda yashovchi shaxs sodir qilgani aniqlandi

Illyustrativ foto

2019 yil 23 aprel kuni Samarqand tumani IIBga kelib tushgan hujjatlarga ko‘ra, 2019 yil 20 aprel kuni Samarqand tumani Andijoni mahallasida yashovchi M.M. Sho‘rboi mahallasi hududida joylashgan “A'zam bobo” nomli to‘yxonasi ro‘parasida tan jarohati olgan.

Viloyat IIB YHXBning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Tayloq tumani tez tibbiy yordam bo‘limining 2019 yil 20 aprel kunidagi ma'lumotnomasida aytilishicha, M.M.ning tanasida ya'ni o‘ng oyoq boldir suyagi o‘rta uchligidan sinishi va chap qosh usti sohasi urilib yirtilgan jarohati tashxisi qo‘yilgan. 

M.M.dan tan jarohatlarini qanday holatda olgani so‘ralganida, ruhiy nosog‘lomligi va muomalaga layoqatsizligi sababli tan jarohati olganini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. 

2019 yil 19 aprel kunidan 20 aprel kuniga qadar M.M.ning harakatlangan joylari kuzatuv kameralaridan olinib ko‘zdan kechirilganda, 2019 yil 19 aprel kunidan 20 aprel kuniga o‘tar kechasi Samarqand tumani Sho‘rboi mahallasi hududidan o‘tuvchi “Olmaota-Toshkent-Termiz” M-39 avtomobil yo‘lining “Toshkent-Termiz” yo‘nalishi 94-km.da noma'lum davlat raqamli “Damas” rusumli avtomashina urib yuborgani aniqlangan. 

Holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi TB tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqand tumani IIB JQB xodimlari hamda YHXB xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida va tergov-surishtiruv harakatlari davomida ushbu yo‘l-transport hodisasini Surxondaryo viloyati, Angor tumani Xamkon mahallasida yashovchi, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi N.R. o‘z boshqaruvidagi “Damas” avtomashinasida sodir qilganligi aniqlangan.

Top