13:48 / 01.05.2019
11552

Toshkentda maktab ichki qoidalarini buzgan o‘quvchilarning ota-onalariga chora ko‘rildi

Foto: Getty Images

Xalq ta'limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi 4-sonli hamda 27-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktablarida yuzaga kelgan nizolar o‘rganib chiqildi va mazkur holatlarga qonun doirasida choralar ko‘rildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 3 aprelida mashg‘ulot paytida 4-maktabning 10-“V” sinf o‘quvchilari I.T va M.Q o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Oqibatda o‘quvchilar bir-birini haqorat qilib, maktab ichki tartib-qoidalarini buzishgan. Sinf rahbari M.I o‘quvchilarni tinchlantirishga uringan, ammo I.T va M.Q o‘qituvchiga qo‘pollik qilgan. Natijada sinf rahbari hushidan ketgan. Tez tibbiy yordam chaqirilib, o‘qituvchiga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Bu voqeadan so‘ng o‘qituvchi bir necha kun ishga chiqmay, uyida davolangan.

O‘quvchilar I.T va M.Q.ning o‘zaro janjali, sinf rahbariga nisbatan hurmatsizligiga nisbatan maktab direktori M.M tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan. Hududiy profilaktika inspektori holat bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan, lekin vaziyat qonun doirasida hal etilmagan.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlarining bevosita aralashuvidan so‘ng ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 4-maktabning 10-“V” sinf o‘quvchilari I.T va M.Q.ning ota-onalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasida ko‘rsatilgan tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun Uchtepa tumani voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasiga yuborilishi ta'minlandi.

Joriy yilning 26 aprel kuni Uchtepa tuman hokimligi faollar zalida tuman voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi a'zolari ota-onalar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazib, farzandi tarbiyasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun o‘quvchi I.T.ning onasi G.I. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan 101 365 so‘m miqdorda jarimaga tortildi. O‘quvchi M.Q. esa profilaktik hisobga olindi.

Bundan tashqari, 2019 yilning 15 aprel kuni fuqaro D.A 27-maktabga kelib, o‘g‘li M.A.ga sinfdoshi U.Q tegajog‘lik qilayotgani uchun baland ovozda qo‘rqitib, nojo‘ya xatti-harakatlar qilgan.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlarining bevosita aralashuvi natijasida holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Joriy yilning 18 aprelida M.Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga yuborilib, fuqaro D.A bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ogohlantirilishi ta'minlandi.

Xalq ta'limi vazirligi maktab direktorlarini o‘qituvchilar huquqini himoya qilish hamda o‘quvchilarni tartibga chaqirish bo‘yicha chora ko‘rishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid
Top