19:30 / 02.05.2019
7600

Lavrov Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik darajasida ekanini aytdi

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasidadir, bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2018 yil oktyabrda O‘zbekistonga tashrifi vaqtida tasdiqlangan. Bu haqda 2 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Munosabatlarimizning do‘stona, ishonchli, ittifoqdosh, strategik sheriklik munosabatlari ko‘rinishida ekanligini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Shak-shubhasiz, buning barchasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga 2018 yil oktyabrdagi davlat tashrifi vaqtida tasdiqlangan”, deb aytgan Lavrov.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Putin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi muzokaralar o‘tgan yil ikki davlat munosabatlaridagi bosh voqea bo‘lgani, ikki yetakchining joriy yildagi bo‘lib o‘tajak muzokaralari esa “Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining keyingi yo‘nalishini belgilab berishini” ta'kidlab o‘tgan. “Shuni qayd qilishni istardimki, tashrif tashqi siyosiy sohada muvofiqlashtirishni mustahkamlash, iqtisodiy, ayniqsa investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga yordam beradigan bir qator mexanizmlarni yaratish borasida o‘ta sermahsul bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qilgan Lavrov.       

Rossiya vakili Kamilov bilan uchrashuvdan ijobiy natija kutib qolishini aytgan. “Yetakchilarimiz kelishib olganlarini to‘liq hajmda bajarish uchun qo‘shimcha e'tiborni talab qiladigan yo‘nalishlarni belgilab olsak kerak”, deb qo‘shimcha qilgan Lavrov.  

Sergey Lavrov 2-3 may kunlari Toshkentda amaliy safar bilan bo‘ladi. U 3 may kuni 1996 yil 4 may kuni qabul qilingan Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy ishlab chiqarilishi, oboroti, suiiste'mol qilinishini nazorat qilish sohasidagi hamfikrlik va hamkorlik Memorandumi tomonlarining XI uchrashuvining vazirlar segmentida ishtirok etadi.

Top