16:34 / 02.05.2019
4969
Toshkent-Jakarta-Toshkent yo‘nalishidagi ilk samolyot parvozi amalga oshirildi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Bugun, 2 may kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan «Toshkent-Jakarta-Toshkent» yo‘nalishidagi ilk samolyot parvozi amalga oshirildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, endi haftada ikki marta - chorshanba va juma kunlari ushbu yo‘nalishda aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga doir belgilangan vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan hamkorlikda bu boradagi tizimli ishlar amalga oshirildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Yangi qatnovning amalga oshirilishi ikki tomon uchun ham teng manfaatli bo‘lib, 2 may Jakartaning «Sukarno-Xatta» xalqaro aeroportida Toshkentdan ilk parvozni amalga oshirgan yo‘lovchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Shuningdek, joriy yilning 2 may kuni Jakarta shahrida ikki mamlakat rasmiy doira vakillari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi, ikki mamlakat turistik kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida turizm forumi tashkil etildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Indoneziyada keng targ‘ib etish, ikki davlat o‘rtasida turizmni rivojlantirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb etish va O‘zbekistonni dunyoning eng yirik ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida namoyon etishdan iboratdir.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Indoneziyada O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan ishlar bugungi kunda jadal amalga oshirilmoqda. Qo‘mita tomonidan Indoneziya televedeniyesining markaziy telekanallari muxbirlari, mashhur indoneziyalik olimlar, san'atkorlar va ko‘p sonli o‘quvchilarga ega blogerlarga mamlakatimizda info turlar tashkil qilinmoqda. O‘z navbatida bu ishlarning amaliy natijasi sifatida Indoneziyadan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2018 yilning shu davriga nisabatan joriy yilda 35.3 foizga o‘sgan.

Top