19:12 / 02.05.2019
9550

Xayriya natijasi: Bahora operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazib keldi

Bir oz avval Kun.uz saytida “1-sinfda o‘qiyotgan Bahoraning yuragi zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak”  nomli xayriya aksiyasi e'lon qilingan edi.

Unda Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchi Rahmonovlar xonadonining kenja farzandi Bahora tug‘ma yurak porogining og‘ir formasi — Fallo tetradasi sindromi bilan qiynalayotganligi aytilgan. U ikki marta operatsiya qilinishi kerak edi. Bu operatsiyani O‘zbekistonda amalga oshirishning iloji yo‘qligi sabab uning oilasi saxovatpesha xalqimizdan yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lishgandi.

Saxovatpesha va mehribon xalqimiz yordami bilan kerakli mablag‘ yig‘ildi va Bahora Hindistonga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun jo‘nab ketgan edi.

Yaratganning rahmati bilan jajjigina qizaloq Bahora yurtimizga qaytib keldi. Uni kutib olish uchun aeroport tomon shoshdik va ular bilan ko‘rishdik.

“Mana, yurtimizga qaytib keldik. Hozir hammasi yaxshi. O‘zbekistonimizdagi va chet eldagi saxovatli insonlarga mingdan-ming rahmat. Bir umr yaxshilar uchun duodaman va bu yaxshiliklarini unutmayman. Qizim Bahora ham juda xursand. Endi yaxshi o‘qib, katta shifokor bo‘lmoqchi va insonlarga yordam bermoqchi. Butun oilamiz nomidan yana bir bor barcha yaxshilarga rahmat” – deydi onasi Marhabo Tojiyeva.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Shu o‘rinda Kun.uz jamoasi ham e'lon qilinayotgan xayriya aksiyalarimizga befarq bo‘lmagan vatandoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tadi. Savob va xayrli ishlar qilishdan charchamang. Qilgan yaxshiliklaringiz sabab rizqingizga rizq, umringizga umr qo‘shilsin azizlar!  

 

Top