8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

19:16 / 03.05.2019 5335

Jizzax viloyat IIB YHXB tomonidan yangi innovatsion loyiha: «Mobil targ‘ibot» avtomashinasi

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasi xodimlari tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llardagi holatni qat'iy nazorat qilish, sodir etilayotgan qoidabuzarliklarni aniqlash va sonini kamaytirish borasida muntazam profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.

Jizzax viloyat IIB YHXB tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan «Mobil targ‘ibot» avtomashinasi ham ana shunday tadbirlarning yangicha usuli. Tezkorlik va vaqtdan yutish maqsadida tashkil etilgan mazkur loyiha harakat ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda samarali targ‘ibot usullaridan biri hisoblanadi.

«Ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi. Mana shu hayotiy haqiqatga asoslangan loyiha «Mobil targ‘ibot avtomobili» deb nomlandi. Yangicha targ‘ibot har qanday insonni o‘ziga jalb etadi. Shu ma'noda viloyat hududida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari jamlangan videoroliklar bevosita tadbirlar davomida yurtdoshlarimizga havola etib boriladi.

Hududdagi bir qator ta'lim muassasalarining aynan serqatnov yo‘llar chetida joylashganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu kabi tadbirlarni maktab o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazish yaxshi samara berishini anglash qiyin emas. Shu sabab «mobil avtomobil» bilan yo‘l yoqalarida joylashgan umumta'lim maktablarida mana shunday tadbirlarning tashkil etilishi ularda katta qiziqish uyg‘otadi va soha xodimlarining ma'lumotlaridan yana bir bora o‘zlariga kerakli xulosalarni olishadi», — deydi viloyat IIB YHXB katta inspektori, kapitan Erkin Ochilov Kun.uz muxbiriga.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugun Jizzax shahrining aholi gavjum «Eski shahar» dehqon bozori hududida piyodalar xavfsiz harakatlanishi uchun yangi innovatsion svetofor o‘rnatildi.

Svetofor yo‘l chetiga maxsus qurilma bilan o‘rnatilgan bo‘lib, uning afzalliklari shundaki, piyodalar maxsus qurilma tugmasini bosishi natijasida haydovchilarga to‘xtash ishorasini beradi va ularning yo‘ldan xavfsiz o‘tib olishlari uchun imkoniyat yaratiladi.

Shunday tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining barcha xodimlari haftaning payshanba va juma kunlari bolalar bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish uchun barcha ta'lim muassasalariga biriktirilgan. Ushbu tadbirlarga fidoyi yoshlardan tuzilgan «Yo‘l posbonlari» guruhi ham jalb etilgan.

O‘z muxbirimiz.

Top