15:20 / 03.05.2019
10194

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya: Uch vazirlik rahbariyati kutilayotgan yangiliklarni ma'lum qildi

Senatning 19-yalpi majlisida «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, tegishli vazirliklar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya sohasida rejalashtirilgan loyihalar xususida ma'lumot berilgan. 

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudovning qayd etishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha yaqin yillarda bir necha loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xususan, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish bo‘yicha 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqilgan. 

Unga ko‘ra, bu yillarda 4ta GES qurilishi va 12ta GES modernizatsiya qilinishi belgilangan. Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki bilan hamkorlikda 2030 yilga qadar 2000 megavatt quvvatga ega quyosh energiya stansiyasi hamda 1500 megavatt quvvatga ega shamol energiya stansiyasi qurilishi kutilmoqda. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi loyihasi asosidagi 100 megavatt quvvatga ega quyosh stansiyasini qurish bo‘yicha tender o‘tkazilmoqda.

«Birlashgangan Arab Amirliklari va Fransiyaning qator tashkilotlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 200 megavatt quvvatli quyosh stansiyasi va Navoiy viloyatida 100 megavatt quvvatli shamol stansiyasi qurilishi bo‘yicha hamkorlik qilinadi», — deydi Mirzamahmudov.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya sohasiga sarmoya kiritish bo‘yicha 20dan ortiq investorlar murojaat qilgan. 

«Xorijiy sarmoyadorlar bilan suhbatlashganda ular qayta tiklanuvchi energiya sohasida amal qiluvchi normativ hujjat mavjudmi, deya so‘rashadi. Aynan shunday hujjatning bugungi kunga qadar bo‘lmagani bu sohaga investitsiya kiritilishiga ma'lum darajada to‘sqinlik qilgan. «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinishi sohada katta o‘zgarish yasaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning qayd etishicha, Tolimarjon suv ombori resurslaridan foydalangan holda energiya ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu yiliga 60 mln kilovatt quvvat chiqarish imkoniyatini berishi mumkin. 

«Sohani innovatsion jihatdan rivojlantirish maqsadida Qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish agentligi va uning qoshida jamg‘arma tashkil etish bo‘yicha vazirlik tomonidan taklif berilgan», — deya bayon qildi Abdurahmonov.

Top