8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

15:10 / 03.05.2019 53482

Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari ishdan olindi

Toshkent shahri hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Rafatovich Xadjizadayev lavozimdan ozod etildi. Bu ma'lumotni Kun.uz’ga Toshkent shahri hokimiyatidagi manba tasdiqladi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Sherzod Xadjizadayev 2 may kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi davomida ishdan olingan. U yosh oilalarga imtiyozli kreditlar ajratish va kreditlarni o‘zlashtirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha talab darajasida ishlar olib bormagani uchun ishdan ketgan.

2 may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida «Har bir oila – tadbirkor» dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi.

Ma'lumot uchun, Sherzod Xadjizadayev (1973 y. t.) 2018 yil 4 oktabr kuni Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

2010 yildan 2017 yilgacha «Trastbank» rahbari  bo‘lgan Xadjizadayev 2017 yil aprelidan 2018 yil kuzigacha  Markaziy bank raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Top