07:31 / 04.05.2019
9042

Mbappe diskvalifikatsiya qilindi

Foto: AFP/Getty Images

Fransiya futbol federatsiyasi Intizom qo‘mitasi «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappega jazo belgilash to‘g‘risida qaror chiqardi.

20 yoshli futbolchi 27 aprelda «Renn»ga qarshi kechgan Fransiya kubogi final o‘yinida (2:2, penaltilar bo‘yicha – 5:6) qizil kartochka olgandi – 118-daqiqada to‘pni yo‘qotganidan keyin butsasining ostki qismi bilan raqib himoyachisi Damen da Silvaning boldir qismiga tepgandi.

FFF rasmiy saytiga ko‘ra, Kilian uchta o‘yinga chetlatilgan. Diskvalifikatsiya barcha musobaqalar uchun amal qiladi. Ya'ni u birinchi divizionda chempionlikni rasmiylashtirib ulgurgan jamoasining «Nitssa», «Anjye» va «Dijon» bilan o‘yinlarida qatnashmaydi, faqatgina so‘nggi turda «Reyms» maydonida mehmon bo‘lishi mumkin.

Qayd etish kerak, Mbappening diskvalifikatsiyasi bilan «Oltin butsa» sovrinining joriy yilgi g‘olibi ham amalda ma'lum bo‘lib ulgurdi, bu - La Ligada bu mavsum 34ta gol urgan «Barselona» hujumchisi Lionel Messidir. Uning eng yaqin ta'qibchisi Kilian Fransiya chempionatida 30ta to‘p kiritgan, uchinchi o‘rindagi «Sampdoriya» hujumchisi Fabio Kvalyarella hisobida A Seriyadagi 23ta gol mavjud.

Ta'kidlash mumkinki, Messi ketma-ket uch mavsumda «Oltin butsa»ni yutgan tarixdagi ilk futbolchi bo‘lish arafasida.

Qo‘shimcha qilish joiz, Intizom qo‘mitasi «PSJ»ning boshqa bir hujumchisi Neymar ustidan ham ish ochgan. U «Renn» bilan uchrashuv tugagach, taqdirlash marosimi oldidan tribunadagi muxlisni urgandi.

Mavzuga oid
Top