8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

23:18 / 04.05.2019 6035

Toshkentda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari o‘zbekistonlik talabalar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazdi

Bugun, 4 may kuni Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchi talablari uchun Turkiyaning yetakchi tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatini beruvchi “TALENT for BIZ” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Kun.uz muxbiri.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mexmet Sureyya Er

Unda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Sharof Rajabboyev, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mexmet Sureyya Er, Turkiya prezidenti devoni inson resurslari boshqarmasi boshlig‘i Salim Atay, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari, bitiruvchi talabalar, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Turkiya prezidenti devoni Inson resurslari boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur yarmarkada Turkiyaning yetakchi kompaniyalari o‘z ish faoliyati, qabul jarayoni aks etgan stendlar bilan qatnashdi.

Mehnat yarmarkasida kompaniyalar vakillari va o‘zbekistonlik talabalar uchun yuzma-yuz muloqot xonalari, tashkilotlarning namunaviy ish jarayoni xonalari, ishga kirish arizalarini qabul qilish kabi yigirma besh xil xona tashkil etildi.

“O‘zbekistonda o‘tayotgan bu tadbir biz uchun uchinchisi hisoblanadi. Dastlabki yarmarkamiz bundan biroz vaqt avval, uch yarim milliondan ortiq turk millati istiqomat qiluvchi Germaniya Federativ Respublikasida tashkil qilingandi. Ikkinchi mehnat yarmarkasini Angliyada tashkil qildik. Sababi, bugungi kunda ushbu davlatda o‘qish, ish va boshqa turli yumushlar bilan minglab yurtdoshlarimiz yashamoqda. Va nihoyat, bizning uchinchi tadbirimiz O‘zbekistonda o‘tmoqda. Xo‘sh, nega aynan O‘zbekiston? Chunki, O‘zbekiston bizning yaqin qardoshimiz. Qolaversa, prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ham O‘zbekistonga hurmati va mehri cheksizdir”, dedi Salim Atay tadbir ochilishida so‘zlagan nutqida.

Turkiya prezidenti devoni inson resurslari boshqarmasi boshlig‘i Salim Atay

Uning aytishicha, Turkiyada qiziqarli va ayni damda bahsli bir mavzu bor: ko‘p o‘qigan ko‘p biladimi, ko‘p yurt kezganmi? 

“To‘g‘ri, bu mavzuda har kimning o‘z fikri bor. Lekin mening fikrimcha, ham ko‘p o‘qib, ham ko‘p yurt kezgan kishi eng bilimli kishidir. Bugungi tadbirda siz aziz yoshlar ham bizning turk kompaniyalari bilan tanishsangiz, kelajakda Turkiyaga safar qilsangiz, dunyoqarashingiz yanada o‘sishiga aminman” deydi Atay.

Top