8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

07:50 / 05.05.2019 62713

«Indamaslik - rozilik alomati emas». Sherzod Shermatov rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha munozaralarga qo‘shildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Feysbukdagi sahifasida davlat tili atrofida bo‘layotgan munoazaralar yuzasidan post qoldirdi.

«O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. Biz bu sanani yaxshilab nishonlashga tayyorgarlik qilish o‘rniga, qaysidir «ziyolilar»ning rus tilini ham rasmiy til etib belgilash kerak degan taklifiga indamay o‘tiribmiz...

«Indamaslik — rozilik alomati» deb qabul qiladiganlar ham topilib, bu qaysidir «ziyolilar» pozitsiyasi emas, aynan Davlat tomonidan oldinga surilgan taklif, deb ham talqin qilayotganlarni ko‘rib, o‘z fikrimni bildirishim zarurligini tushunib yetdim.

Maktabdagi kezlarimda o‘zbekcha gapirishdan or qiladiganlar orasida o‘ziga xos stereotip bo‘lardi. Xuddiki faqat ruschada o‘qiganlar yaxshiroq bilimga ega, oddiy o‘zbek maktabida o‘qiganlar esa yaxshi o‘qimagandek qabul qilinar edi. Ingliz tilidagi fakultetga o‘tib, barchaga teng sharoit yaratilganda bu stereotipning xato ekanligi yaqqol ko‘rinib qoldi.

Ya'ni maktabda rus tilida yoki o‘zbek tilida o‘qiganlar bemalol ingliz tilidagi o‘qishda tengma-teng raqobat qilar edik. Oddiy o‘zbek tilidagi maktabni bitirib, har holda AQShdagi eng nufuzli universitetlardan birida o‘qish va keyinchalik katta lavozimlarda ishlash nasib qildi. Bu ham, aynan mamlakatimiz Mustaqillikka erishganidan keyingina yaratilgan imkoniyatlar tufayli bo‘ldi.

Mamlakatimiz o‘z Mustaqilligi yo‘lini tanlagan va bu yo‘ldan chetlashishga hech kim yo‘l qo‘ymaydi. Hozirgi vaqtda, barchamiz o‘z ona tilimiz, millatimiz va madaniyatimiz bilan faxrlanishga o‘rganishimiz kerak.

Chet tillarini imkon boricha o‘rganaverish kerak, lekin bu degan o‘z ona tilini esdan chiqarish degani emas. Shuning uchun ham, Prezident maktablariga ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari nomzodlariga ochiq tanlov e'lon qilgan edik. Bu maktablarning bitiruvchilari chet tili va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgani holda, eng asosiysi haqiqiy vatanparvar va yuksak ma'naviyatli bo‘lib yetishib chiqishlari shart.

O‘z tilimizdan va millatimizdan g‘ururlanish hissiga ega bo‘lsakkina mamlakatimiz rivojlanishiga erisha olamiz», — deya fikr bildirgan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z postida.

30 aprel kuni vesti.uz saytida e'lon qilingan murojaatda mualliflar O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish, buning uchun mamlakat qonunchiligiga zarur o‘zgartirish kiritishni taklif qilishgandi.

Ular 1995 va 2004 yillarda yangi tahrirda qabul qilingan «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunda rus tili «millatlararo muloqot tili» sifatida eslatilmaganiga e'tiroz bildirishgan.

Tashabbuskorlar rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat «buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishgani»ni iddao qilishgan.

Bu murojaat keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi eng faol muhokama qilinayotgan mavzu bo‘lib turibdi va internet foydalanuvchilarining aksar qismi bu tashabbus va uning tashabbuskorlariga keskin norozilik bildirishmoqda.

Bundan avvalroq Milliy tiklanish partiyasi va «Yuksalish» umummilliy harakati rus tiliga rasmiy til maqomini berish haqidagi munozaralar bo‘yicha bayonotlar bilan chiqishgandi.

Top