20:40 / 05.05.2019
9664

Innovatsion rivojlanish vaziri: O‘zbek tilini o‘rganishdan insonlarda g‘urur paydo qilishimiz zarur

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, Butunjahon Fanlar akademiyasi a'zosi Ibrohim Abdurahmonov rus tiliga rasmiy maqom berish bo‘yicha berilgan taklifga munosabat bildirdi.

Bir guruh “ziyoli”larning O‘zbekistonda rus tilining mavqeini qayta ko‘rib chiqib, unga rasmiy til maqomini berish to‘g‘risidagi xati necha kundirki ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.

Rus tili, madaniyati va adabiyoti bilangina xalqimiz nelargadir erishgan-u, endi esa savodsizlik va madaniyatsizlik girdobiga kirib ketayotgani haqida yozganlar xalqimizni bir qalqitdi. Sho‘rolar davrida tilimizni davlat tili maqomiga ko‘tarishga bo‘lgan intilishlar, orzular, o‘y-xayollar ro‘yobga chiqib turgan bugungi kunimizda butun boshli xalqning g‘ururi junbushga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda qalqigan xalqimiz vakillarining hayajonlari, e'tirozlari, g‘azabi ortida olam hali sanashniyam tuzuk-quruq bilmagan, o‘zaro o‘lja talashib urishib yurgan mahallarda bilimga intilish mo‘tabar sanalgan shu qutlug‘ tuproqlarimizdan yetishib chiqqan ne-ne daholarning qoni hanuz oqayotgan yurtdoshlarimizning hayqirig‘i eshitilgan bo‘lsa ne ajab. Xalqimizning tarixi qadim-qadimlarga taqalar ekan, o‘zbek tiliga ham qadimiy til namunasi sifatida qarashimiz, uni asrab-avaylashimiz lozim. Butun sivilizatsiyadagi genlar to‘plami bizda mujassam bo‘lgan, tilimizning naqadar boyligini biz o‘zimiz tushunmagan qirralar hanuz bor ekan buni inkor qilib bo‘lmaydi. O‘zbek tilini o‘rganishdan insonlarda g‘urur paydo qilishimiz zarur. 

Zamonaviy bilimlarga ega bir kishi, olim sifatida xalqimiz tarixi sirlariga nazar tashlarkanmiz, yurtimiz aholisining genlarini tadqiq qilinganda ularning irsiyati o‘nlab ming yil nariga borib taqalganini ko‘rdik. Bu hali to‘liq tarix emas – genlarni “o‘qish” jarayonida fan tilida mutatsiya deyiladigan hodisaga asoslanib genetik tarixga bir nazar solsa bo‘ladi. Soddaroq qilib aytsam, odamzod paydo bo‘libdiki, genlarni ajdodlardan avlodlarga berilishida muhrlangan o‘zgarishlarni ko‘ra olasiz. Bu esa O‘zbekiston xalqlarining genetik tarixi o‘rtacha ellik ming yildan ziyod ekanini ko‘rsatib turibdi. Demakki, biz Yevropa xalqlaridan 16 ming yil qadimiyroqmiz. Bu boradagi izlanishlarimiz “The Open Genomics Journal” xalqaro jurnalining 2009 yil 2-sonida “Gene Flow at the Crossroads of Humanity: mt-DNA Sequence Diversity and Alu Insertion Polymorphism Frequencies in Uzbekistan”, ya'ni “Insoniyat chorrahasida gen oqimlari: O‘zbekistonda uchraydigan insersion polimorfizmlardagi mt-DNK turli-tumanliklari” sarlavhasi bilan e'lon qilindi. Tadqiqotda Markaziy Osiyo chindan ham dunyo taraqqiyoti yo‘lidagi oltin beshik ekani o‘z isbotini topgan.

Aqlli odam deyilgan “Homo Sapiens” Afrikada paydo bo‘lgani ilmiy haqiqat hisoblansa, ilk kishilar yashash uchun qulay, barakali tuproqlarni izlab yo‘lga chiqishgan. U mahalda kishilarning dengizni suzib o‘tishlari mumkin emas edi. Arabiston yarim oroli orqali tog‘lardan oshib, bizning o‘lkalarga kelib o‘rnashishgan, bir qismi Oltoy tomon ketishgan. O‘sha yo‘nalish bo‘yicha muzliklar diyoridan o‘tib, Amerika qit'asigacha yetib borishgan. Bu antropologiya fanidagi uch asosiy farazning biri deyilsa-da, ilmiy isbotlari qoniqarli deb hisoblanmas edi. Genomika markazimizning izlanishlari mobaynida mana shu tarzda Markaziy Osiyo insoniyat taraqqiyoti yo‘lidagi oltin shohbekat bo‘lib xizmat qilgani o‘z isbotini topdi. Bu – haqiqatan ham, juda qadimgi tarix. Shuningdek, tadqiqotlarimiz natijasida xalqimiz sivilizatsiyadagi mavjud barcha genlar xilma-xilligiga ega ekanligi va ular orasida inson sivilizatsiyasidagi eng qadimiy genotiplar mavjudligi ko‘rsatib berildi. Bu xalqimizning o‘ta qadimiy genetik tarixiga urg‘u berishi bilan birga, “tirik tarixiy muzey” ekanidan ham dalolat beradi. Xulosalarimizning asosi shuki, bizning yurtimiz nafaqat siyosiy, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega, balki o‘ta qadimiy va xilma-xil bo‘lgan insonlari bilan xalqaro miqyosda juda katta biologik boylikni o‘zida mujassam etgan. Biz bu boylikni anglashimiz, qadrlashimiz, asrab-avaylashimiz hamda undan g‘ururlanishimiz kerak.

Tilimiz esa kommunikatsiya vositasi bo‘lish bilan bir qatorda shuurimizning-da aksidir, u xalqning fe'l-atvori, xulqini ham boshqaradi, o‘zligini namoyon etishiga xizmat qiladi. Shunday ekan, o‘zga tilni emas, o‘z tilimizning mavqeini ko‘tarish zarurligi ayni zamon talabi-yu xalq istagi bo‘lib qolganini bugungi voqealar isbot qilib turibdi.

Yoshlarimizning qalbiga kirib borish va ularda milliy g‘ururni shakllantirish, “birovlarning“ qora yumushlarini qilish yoki fikrlariga qo‘shilib ketishni tanlashdan oldin o‘zlarining naqadar genetik jihatdan qadri baland inson ekanliklarini adabiy usulda tushuntirish uchun taniqli yozuvchi Isajon Sulton ta'biridan “Genetik” asari yoshlarimiz qalbiga milliy g‘oya bilan kirish va uni shakllantirishda katta o‘rin tutadi.

Zero, har bolamiz qonida iste'dod oqmoqda. Bu iste'dodni rivojlantirish, “uxlab yotgan genlarni” uyg‘otishda xalqimiz boyligi, g‘ururi va sha'ni bo‘lmish tilimizga yanada ko‘proq e'tibor qaratish davlatimiz siyosati, deb baralla aytishimiz mumkin. Joriy yilda umumiy o‘rta maktablardagi “Adabiyot” faniga mo‘ljallangan 3D-tizimli interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalarni yaratish va joriy qilish, o‘zbek xalqining etnogenez tarixini o‘rganish bo‘yicha “Ertosh Do‘lana” yodgorligini tadqiq etish, qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan kutubxonasini yaratish, o‘zbek tilida neyming: me'yoriy-huquqiy yaratish kabi amaliy va innovatsion loyihalarga grantlar berildi. Grantlarning asosiy maqsadi ham tilimiz, qadriyatlarimizni yoshlarning shuuriga singdirish bo‘lib, bu yo‘lda yangi loyihalar amalga oshirilyapti, olimlar izlanishlar olib bormoqda. Ziyolilarimiz milliy qadriyatlarni himoya qilish uchun mehnat qilishlari, izlanishlari, tadqiqotlar olib borishlari ayni muddaodir.Hali oldinda shu va boshqa loyihalar tilimiz mavqeining yanada oshishiga xizmat qiladi. 

Top