00:38 / 05.05.2019
121453

So‘rov: o‘zbekistonliklar mamlakatning asosiy ichki dushmani nima ekanligini aytishdi

Foto: REUTERS/Shamil Zhumatov

Amaliyotda aksariyat davlatlar tez-tez bir-birlarini ayblab kelishadi. Rossiya ko‘p narsalarda AQShni aybdor etib ko‘rsatsa, AQSh esa aksincha, Rossiyani ko‘rsatadi. Davlatning ichki muammolari haqida gapiradiganlar va mavjud faktlarni tan oluvchilar esa ozchilikni tashkil qiladi.

Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida so‘rov o‘tkazdi. So‘rov onlayn o‘tkazilganligi bois jins, yosh va boshqa omillar hisobga olinmadi. Bundan tashqari, har bir savolga turlicha miqdordagi respondentlar javob berishdi (o‘z ixtiyoridan kelib chiqib), ya'ni bir savolga 50 kishi javob bergan bo‘lsa, boshqasiga 65 kishi javob qaytardi.

Respondentlardan O‘zbekistonning asosiy ichki dushmani nima ekanligi so‘raldi.

1033 respondentdan 58%i O‘zbekistonning asosiy dushmani korrupsiya ekanligini bildirishdi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 17%i mamlakatning asosiy dushmani maddohlik, 15%i – qarindosh-urug‘chilik, 5%i - mahalliychilik, 3%i - volyuntarizm va 2%i nigilizm deya qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Transparency International xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining korrupsiya indeksida O‘zbekiston 158-o‘rinda joylashgan. O‘zbekiston 2017 yilda 157-, 2016 yilda esa 156-o‘rinda bo‘lgan.

«So‘nggi ikki yil ichida siz korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ijobiy o‘zgarishlarni kuzatdingizmi?» degan savolga 754 respondent javob qaytargan. Ularning 63%i ijobiy o‘zgarishlarni kuzatmaganini bildirgan, 37%i esa ha javobini bergan.

Korrupsiya holatlariga duch kelganligi haqidagi savolga 694 kishi javob qaytargan. Ularning 92%i bunday holatga duch kelganligini, 8%i esa duch kelmaganligini bildirgan.

Rasmiy ma'lumotlar ham pora so‘rash holatlari mavjudligini tasdiqlaydi. Masalan, Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning I choragida 1 318 marta «sirli mijoz» aksiyasi o‘tkazilgan va natijada 68 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Darvoqe, 2018 yilning 10 oyi davomida Bosh prokuratura 80dan ortiq pora berishga urinish holatlarini qayd etdi.  

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha taklif etilgan pullarning umumiy miqdori 28,1 ming dollar va 49 mln so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 4 may kuni Senatning 19-yalpi majlisida prokuratura organlarining 2018 yildagi faoliyati yuzasidan Bosh prokuror hisobot berdi. Otabek Murodov 2018 yil davomida 1907 nafar mansabdor shaxs korrupsion jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganini ma'lum qildi.

Respondentlar shuningdek, O‘zbekistondagi korrupsiya darajasini baholashdi. 696 nafar respondentning 82%i O‘zbekistonda korrupsiya darajasini yuqori va bu jiddiy muammo deb hisoblaydi. 15%i esa korrupsiya darajasi o‘rtacha va u mamlakat rivojiga to‘sqinlik qiladi deb hisoblaydi. 1% kishi korrupsiya iqtisodiyotga ta'sir o‘tkazmaydi degan fikrda, 2% kishi esa javob berishga qiynalgan.

Bu darhaqiqat jiddiy muammo. «O‘zbek malikasi»ning qilmishlari haqida uzoq vaqt so‘z ochilmay keldi. Oqibatda endi O‘zbekiston o‘z pullarini mamlakatga qaytara olmayapti. Davlat va fuqarolarga yetkazilgan zarar miqdori 1 trln 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln dollar, 26,1 mln yevroni tashkil etgan — milliy valutada bu jami 3 trln 746,8 mln so‘mga teng.

Respondentlardan mansabdorlar pora olishlarining asosiy sababini aytish so‘ralganida, 483 kishidan 45%i tizimning korrupsiyalashganligini ko‘rsatdi. 24%i qat'iy javobgarlik yo‘qligini, 22%i oylik maoshning pastligini  bildirgan. So‘rov ishtirokchilarining atigi 7%i bunga huquqiy madaniyatning pastligi sababchiligini, 2%i boshqa muammolarni ko‘rsatdi.

Shu o‘rinda biz viloyatda bank sohasida ishlagan sobiq xodimning hikoyasini misol keltirmoqchimiz. 

«Oylik judayam oz. Ba'zida Toshkentdan turli sabablar bilan mehmonlar kelishadi. Ularni kutib olish, yaxshi restoranga olib borib mehmon qilishga to‘g‘ri keladi. Oylik stol tuzashga ham yetmaydi. To‘g‘risini aytaman, mijozlardan undirishga majbur bo‘lamiz. Biz kredit berilishini tezlashtiramiz, ular bizga ulush berishadi, biz esa pulni toshkentlik mehmonlarga sarflaymiz. Toshkentdan mehmon kelmaganida edi, mijozdan ulush olmasdik. Tinchgina ishlardik», - dedi u ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.

Ko‘rib turganingizdek, zanjir yuqoridan boshlanadi, ya'ni respondentlar aytganidek, muammo butun tizimning korrupsiyalashganida.

«Mansabdorlar pora olmasligi uchun qancha maosh olishi kerak?» degan savolga respondentlarning 45%i 20 mln so‘mdan ortiq maoshni qayd etgan. 25% respondent mansabdorlar 8-10 mln so‘m olishi kerak degan fikrda. Savolga javob berganlarning 10%i 4-5 mln so‘m oylik yetarli deb hisoblaydi. 9% - 16-18 mln so‘m, 6% - 12-14 mln so‘m va 5% - 6-7 mln so‘m.

Ko‘rinib turibdiki, aksariyat respondentlar  (deyarli yarmi) katta maosh (20 mln so‘mdan ortiq) joylardagi korrupsiyaning oldini oladi degan fikrda. 20 mln so‘m bu qariyb 2,4 ming dollar degani. Rostdan ham, bu pulga qisqa muddatda uy, mashina olish mumkin.

«Katta maosh korrupsiyaga barham beradimi?» degan savolga 70%ga yaqin respondent ha deb javob bergan. 20% respondent mansabdorlar baribir pora oladi deb o‘ylasa, 10%i «maoshni oshirish befoyda chora» deb hisoblaydi.

Ko‘plab davlatlarda korrupsiyaga qarshi nafaqat «kishan va qamoqxonadan», balki mansabdorlarni rag‘batlantirish orqali ham kurashiladi. Singapur aynan mana shu usuldan foydalangan. O‘tgan asrda mansabdorlarning maoshi bir necha baravarga oshirilgan.

Ma'lumot uchun: prezident Obama ma'muriyatidagi vazirning maoshi yiliga 199 700 dollarga teng bo‘lgan (oyiga 16 642 dollar). Buyuk Britaniyadagi vazirlarning oyligi yiliga o‘rtacha 134 565 funtni tashkil etadi. Kanada parlamentining barcha a'zolari yiliga 160 200 dollar, vazirlar 57 500 dollar oladi.

Maqolamiz so‘ngida Singapurning sobiq yetakchisi Li Kuan Yudan iqtibos keltiramiz: «Agarda biz boshqarayotgan davlat hukumatidan ko‘pchilikning hayotini yaxshilashga emas, hukumat tepasidagi ozchilikning cho‘ntagini qappaytirish uchun foydalanilsa, buning oxiri voy», - degandi u.

Kun.uz o‘quvchilarini «Sizning fikringiz» Telegram-kanaliga obuna bo‘lishga va ekspress-so‘rovlarda faol qatnashishga chaqiradi.

Ulug‘bek Akbarov

Top