8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

20:09 / 06.05.2019 7017

Mirzamahmudov AES qurish uchun qaysi maydon tanlanganligi keyinroq ma'lum qilinishini aytdi

O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zatom» agentligi boshlig‘i Jo‘rabek Mirzamahmudov hozircha AES qurilishi uchun tanlangan ustuvor maydonni ma'lum qilmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ustuvor maydon tanlash bo‘yicha injyenerlik izlanishlari o‘tkazish ishlari yakunlangan, ammo Mirzamahmudov bu maydon nomini aytmadi. 

«Keyinroq e'lon qilamiz», – dedi u matbuot anjumanida.

«Hozirda tegishli hisobot va hujjatlar rasmiylashtirish bosqichida. «Rosatom» bilan birgalikda barcha ma'lumotlarni o‘rganib bo‘ldik va ustuvor maydon bo‘yicha yakdil fikrga keldik», – dedi Mirzamahmudov. 

«O‘zatom» rahbari tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng ushbu maydonda yanada batafsil injyenerlik-geologiya izlanishlari o‘tkazilishini aytdi. Shundan so‘ng ular asosida AESning atrof-muhitga ta'siri baholanadi.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rosatom” korporatsiyasi loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda quriladigan ilk atom elektr stansiyasi quriladigan maydon bo‘yicha kelishib olinganini ma'lum qilgandi.     

O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuv 2018 yil sentyabrda imzolangandi. 

AES qurilishi loyihasi VVER-1200 turidagi reaktorlarga ega ikkita energoblok qurilishini ko‘zda tutadi. 2018 yil oktyabrda Rossiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi vaqtida Vladimir Putin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev loyihaga start berishgan. Stansiyaning ilk energoblokini 2028 yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.    

Top