8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

08:30 / 06.05.2019 20627

Shomurodov «Rostov»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi, uning ko‘k qalpoqchasi memga aylandi

Foto: Artyom Gusev, «Chempionat»

Rossiya Premer-ligasida 27-turning so‘nggi uchrashuvi «Rostov» va «Krasnodar» jamoalari o‘rtasida kechdi va unda 1:1 hisobi qayd etildi.

«Rostov Arena»da o‘tgan o‘yinning 25-daqiqasida mehmonlar Viktor Klassonning penaltidan urgan goli bilan hisobni ochishdi. Maydon egalari 89-daqiqaga kelibgina muvozanatni tiklashdi: Roman Yeremenkoning to‘p uzatishidan so‘ng Eldor Shomurodov boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi.

O‘zbekistonlik hujumchi 66-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, 79-daqiqada raqib himoyachisi Aleksandr Martinovich bilan to‘qnashuvda boshidan shikastlandi.

Jarohat joyidagi bog‘ichni ushlab turishning boshqa yo‘li bo‘lmagach, shifokorlar unga suzuvchilarning basseyn qalpog‘ini kiydirishga majbur bo‘ldilar. Shomurodovning ushbu ko‘k rangli qalpog‘i internetda memga aylanib ketdi, hatto «Rostov»ning o‘z rasmiy tvitterida «Eldorning omad keltiruvchi shapkalari» sotuvi tez orada boshlanishini e'lon qildi.

14-raqam egasi o‘yindan keyin natijadan qoniqmaganini ta'kidladi.

«Natijadan unchalik ham qoniqmadim. Bugun stadionga juda ko‘p (34044 nafar – Tribuna.uz) muxlis keldi. O‘z uyimizda g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Har qanday jamoada, shu jumladan «Rostov»da ham o‘yinida pasayish bo‘ladigan vaqtlar kuzatiladi. Keyingi o‘yinlarda ancha yaxshiroq o‘ynaymiz, deb o‘ylayman.

«Rostov»da hamon yevrokuboklar uchun imkoniyat saqlanib turibdi. Chempionat orqali yo‘llanma olish imkonimiz bor. Qolaversa, Rossiya Kubogida g‘olib chiqishimiz ham mumkin», – degan hujumchining so‘zlarini keltirmoqda «Chempionat.com».

23 yoshli Shomurodov RPLning bu mavsumida 23ta o‘yin o‘tkazib, ularning 8tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi hamda 3ta gol va 1ta golli uzatmaga muallif bo‘ldi. Chempionat yakunlanishiga 3ta tur qolganda «Rostov» 37 ochko bilan 7-o‘rinni egallab turibdi, Valeriy Karpin shogirdlarida YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda.

«Krasnodar» esa 3-o‘rinda, jamoani ikkinchi pog‘onadagi «Lokomotiv»dan ikki ochko ajratib turibdi. «Temiryo‘lchilar» bu turda «Arsenal» mehmoni bo‘lib, 0:2 hisobida yutqazdi, natijada bundan biroz avvalroq safarda «Axmat» bilan durang o‘ynagan (1:1) «Zenit» chempionga aylandi.

Rossiya chempionati, 27-tur
Rostov – Krasnodar 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 25, penalti Klasson, 1:1 – 89 Shomurodov.
Rostov – Pesyakov, Gatskan, Xadjikadunich, Novoselsev, Normann, Parshivlyuk, Chernov, Yeremenko, Glebov (Kalachev, 68), Popov (Sigurdarson, 90), Ionov (Shomurodov, 67).
Krasnodar – Safonov, Petrov, Martynovich, Spayich, Ramires, Gazinskiy, Foluson, Pereyra (Olsson, 83), Vanderson (Suleymanov, 71), Ignatev (Ari, 66), Klasson.
Ogohlantirishlar: Novoselsev (24), Glebov (67), Gazinskiy (72), Xadjikadunich (85), Parshivlyuk (90).

Top