17:13 / 07.05.2019
6783

2019 yil birinchi chorakda Samarqandning tashqi savdo aylanmasi 400 million dollarga yaqinlashdi

Foto: KUN.UZ

2019 yil yanvar-mart oylarida Samarqand viloyatining tashqi savdo aylanmasi 399,6 million dollarni tashkil qildi. 399,6 million dollardan 82,6 millioni eksport ulushiga, 317 millioni esa import ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Samarqand viloyat statistika boshqarmasi Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Manbada aytilishicha, viloyatdagi tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 140,6 foizga, ya'ni 115,4 million dollarga ortgan. O‘tgan yilgiga qaraganda import hajmi 144,3 foizga ortganini ta'kidlash kerak. Eksport esa 2018 yil birinchi choragiga qaraganda 128,1 foizga oshgan.

Viloyat tashqi savdo aylanmasining 34,3 foizi MDH davlatlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga qaraganda 5 foizga kamroq. O‘tgan yil birinchi chorakda savdo aylanmasining 39,3 foizi aynan MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eksport va importdda ham MDH davlatlarining ulushi mos ravishda 6 hamda 7,4 foizga kamaygan.

Samarqand viloyatidan eksport qilinayotgan tovarlarning 51,4 foizini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil qiladi, qora va rangli metallurgiyaning eksportdagi ulushi 7,8 foizni, mashina va uskunalar savdosining ulushi esa 7,2 foizni tashkil qilgan. Samarqandga import qilingan tovarlar ichida ham oziq-ovqat (20,2 %) hamda mashina va uskunalarning (31,5 %) ulushi yuqori.

Tashqi savdo aylanmasining qit'alar bo‘yicha taqsimotiga e'tibor bersak, bu borada Osiyo davlatlarining ulushi eng katta (58,8 %). Yevropa davlatlarining Samarqand tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 39,7 foizga teng. Boshqa qit'alarda esa foizlar ancha past: Afrika 0,02 %, Avstraliya 0,04 %, Amerika 0,8 %.

Samarqand viloyati tashqi savdo aylanmasida davlatlarning ulushlariga to‘htalsak, bu borada Xitoy (17,2 %), Rossiya (16,4 %), Qozog‘iston (11,5 %) va Turkiyaning (10,9 %) hissasi sezilarli darajada yuqori. Keyingi o‘rinlarda esa Germaniya (4,5 %), Latviya (4,5 %), Yaponiya (4,3 %) va Janubiy Koreya (3,8 %) kabi davlatlar joylashgan.

Top