10:20 / 07.05.2019
18876
Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi
Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosati quyidagilardan iborat:

ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy-maishiy munosabatlar sohasidagi qonuniylikni, shuningdek ish joylari va ta'lim muassasalaridagi munosabatlarni mustahkamlash;

turmushda, ish joylarida va ta'lim muassasalarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

turmushda, ish joylarida va ta'lim muassasalarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularning oldini olish uchun samarali qonunchilik mexanizmlarini yaratish;

turmushda, ish joylarida va ta'lim muassasalarida tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslarning, shuningdek ayollarga tazyiq o‘tkazadigan va zo‘ravonlik sodir etadigan shaxslarning xulq-atvorini tuzatish yuzasidan tadbirlar amalga oshirish;

tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan ayollarni himoya qilish, ularga yordam ko‘rsatish, reabilitatsiya qilish uchun asoslar yaratish hamda ayollar tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga aylanish xavfini kamaytirish;

ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida turli institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni ta'minlash.

Quyidagilar ichki ishlar organlarining ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlariga kiradi:

ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlari, hududiy dasturlar va qonun ijodkorligi faoliyatini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlar yordamida, shuningdek ayollarga tazyiq o‘tkazadigan va ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etadigan shaxslar bilan muntazam profilaktika ishlari olib borish orqali tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, shu jumladan ularning sabablari va ularga zamin yaratgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;

ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlik sodir etish xavfi to‘g‘risidagi murojaatlar va boshqa ma'lumotlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqish;

tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini aniqlash hamda ularga o‘z vaqtida e'tibor qaratish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik hollarining, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning va zo‘ravonlik qurbonlarining profilaktika hisobini yuritish, ayollarga tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etish hollariga barham berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan holda bunday ma'lumotlarni tahlil qilish;

18 yoshga to‘lmagan ayol jinsiga mansub shaxslar tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan va ularga tazyiq o‘tkazadigan hamda zo‘ravonlik sodir etadigan ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarni ota-onalar huquqlaridan mahrum qilish to‘g‘risida vasiylik va homiylik organlariga taqdimnoma kiritish;

zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni tegishli javobgarlikka tortishga doir materiallar tayyorlash;

ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlik qilish.

Quyidagilar sog‘liqni saqlash organlari va muassasalarining ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlariga kiradi:

ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlari, hududiy dasturlar va qonun ijodkorligi faoliyatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

qurbonlarga, shu jumladan jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan qurbonlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

ichki ishlar organlari va boshqa huquqni himoya qilish organlarini ayollarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf soluvchi holatlar, shuningdek aniqlangan sabablar to‘g‘risida xabardor qilish;

ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlik qilish.

Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir umumiy chora-tadbirlar:

ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi davlat dasturlari, hududiy dasturlar va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

aholi orasida huquqiy targ‘ibot olib borish;

aholini ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlardan xabardor qilish;

tazyiq va zo‘ravonlikni aniqlash hamda ularga chek qo‘yish, ularga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali amalga oshiriladi.

Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik hollarini aniqlash mexanizmlari quyidagilarni nazarda tutadi:

vakolatli organlar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik sabablari hamda shart-sharoitlari hisoblangan omillarni tahlil qilish, o‘rganish hamda baholash;

statistika axborotini har chorakda davlat statistika organlariga kiritgan holda vakolatli organlar tomonidan tegishli statistika yuritish;

ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni aniqlashning samarali huquqiy usullarini joriy etish;

tazyiq o‘tkazishi va zo‘ravonlik sodir etishi xavfi bo‘lgan guruhlarga kiradigan yoki ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan preventiv tadbirlar o‘tkazish;

fuqarolarni, ayniqsa ayollarni o‘z huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, shuningdek tegishli himoya kafolatlari, shu jumladan oila a'zolarining tengligi va o‘zaro majburiyatlarini ta'minlaydigan huquqlar va majburiyatlar to‘g‘risidagi axborot bilan ta'minlash maqsadida zarur axborot-ma'rifat kampaniyasini o‘tkazish;

tazyiq o‘tkazilgan va zo‘ravonlik sodir etilgan holda qurbonlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun esa ularning ayollarga nisbatan xulq-atvorini tuzatishga va huquqiy ta'qib qilish chora-tadbirlarini ko‘rishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;

ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik oldi olinishini ta'minlash maqsadida manfaatdor institutlar bilan qo‘shma dasturlar yaratish va qo‘llab-quvvatlash.

Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun asoslar quyidagilardan iborat bo‘lishi  mumkin:

qurbonning, uning qonuniy vakilining murojaati yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ma'lumotlari;

vakolatli organlar tomonida o‘z profilaktika faoliyati davomida tazyiq va zo‘ravonlik hollarini aniqlash.

Ayollarga tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etish yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risidagi murojaatlar va ma'lumotlar ichki ishlar organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi boshqa vakolatli organlar tazyiq va zo‘ravonlik hollari aniqlangan taqdirda, bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar qilishi shart.

Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlariga quyidagilar kiradi:

profilaktik suhbat o‘tkazish;

himoya orderini berish;

tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga joylashtirish.

Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Mavzuga oid
Top