8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

07:20 / 08.05.2019 28535

Kambeklar

Foto: Getty Images

Har bir kambekning o‘z tarixi bor, to‘g‘ri. Biroq ularni bog‘lab turadigan qandaydir umumiy jihat ham bo‘lishi kerak-ku, to‘g‘rimi?

Topdim o‘zimcha: birorta kambekda ikki taraf zo‘r o‘ynamagan bo‘larkan, aniqrog‘i, bir taraf kuchli o‘yinini namoyish etsa-da, narigisi o‘ynamagan bo‘ladi ekan. Tengkurashlar natijasida kambekka erishib bo‘lmaydi ekan. G‘alaba qozongan klubdagi ishtiyoq raqibning o‘yinni topshirib qo‘yishga «tayyorligi»dan paydo bo‘larkan odatda. 

1999 yilgi YeChL finali so‘nggi daqiqalarini eslang, «Bavariya» go‘yo o‘yin hal bo‘ldi, deb o‘ylagan, hujumlari samarasiz yakunlasa-da, befarqligicha «MYu»ning kuchayishini kutardi. «Qizil iblislar» o‘yin davomida so‘nggi soniyalardagi voqeaga ishonqiramay harakat qilishgan, o‘yin tugashi oldidangina raqibning yutqazishga tayyor ruhiyatini anglab yetishgan, xolos.

2005 yilgi final ham shu. «Milan» ikkinchi bo‘limni butkul tashlab yuborgan. «Liverpul»da shijoat o‘sha «tashlab yuborish»dan so‘ng boshlangan. Gol ketma-ket kiritilsa ham o‘ziga kelishni istamagan «Milan» qattiq jazolangani esingizda, albatta?!

2016 yilgi final. «Real» vakillari so‘nggi soniyalardagina hamshaharlari ko‘ziga yaxshilab tikilib qarashsa, ular tushkunlikka tushishgan, mag‘lubiyatga tayyor holdalar. Bo‘ldi, shundan so‘ng ishtiyoq uyg‘onadi-da...

2017 yilgi «Kamp Nou»dagi 6:1. Dahshatli oqshomda «Barselona» darvozasiga «PSJ» tomonidan gol urilganda, kataloniyaliklarning o‘zlari ham endi mo‘jiza sodir bo‘lmaydi, deyishgan ekan. Biroq, raqibning ko‘zidagi o‘sha qo‘rquv, xavotir va yana allambalo tuyg‘ular Enrike shogirdlarini har ehtimolga qarshi oldinga undayvergan. Oxirgi daqiqalardagi 3ta gol «Barsa»ning supershijoati hisobiga emas, parijliklarning ruhan mag‘lublikka tayyorliklari hisobiga kiritilgan, deb o‘ylayman.

2018 yilgi «Roma»dan qabul qilingan kambekda ham bosh rolni rimliklar emas, kataloniyaliklarning o‘zlari o‘ynab berishgan. «Roma» qarayapti, «Barsa» o‘ynagisi kelmayapti, nega urib tashlamasligimiz kerak, deb ishlarini qilaverishgan, o‘yin oxiriga kelib tabloda 3:0 hisobi porlab qolgan.

Shu yilgi «PSJ» – «MYu» o‘yini ham shunaqa. Parijliklar mushuk sichqonni o‘ynab yegani singari oxirigacha o‘ta qaltis hisobda yugurmasdan o‘ynayverishdi. Oqibatda, eng yaxshi o‘yinlaridan birini-da o‘tkazmayotgan Manchester birgina hujumga o‘tib, yulduzlar fabrikasini jazolab qaytdi. O‘sha kecha «MYu» g‘alabani penaltidan gol urmaguncha ham o‘ylay oladigan holatda emasdi.

«Real»ning o‘z uyida «Ayaks»ga boy bergan bahsi ham shu jumladan. Raqibni borib uyida yengib qaytdingmi, o‘z uyingda bemalol o‘ynayver, degan qoida madridliklarning darsliklarida ko‘p o‘tilgan, shekilli, bu safar u yomon oqibatini berdi. Amsterdam bolalari fantastik o‘yin ko‘rsatishgandir, biroq, bu o‘yindagi muvaffaqiyat ko‘proq «Real»ning nursiz va samarasiz hujumlari hosilasi bo‘ldi.

Bugungi «Enfild» ertagida hamma Kloppni, «Liverpul»ni alqayotgan bo‘lsa-da, bu natijadagi asosiy yuk yana «Barselona»niki, desam, koyimang. Valverde shogirdlari bu kecha Saloh va Firminosiz «Liver»ni xotirjam yengamiz, deb kelishdi. Sobiq liverpulchi yulduzlar «Liverpul» emblemasi oldida rasmlarga tushishdi, o‘yinni bemalol o‘tkazish haqida o‘ylashdi. Afsuski, «Liverpul» yuqoridagi kambekchilardan farqli ravishda o‘zi shunaqa narsalarni ko‘proq xush ko‘radigan klub. Klopp yigitlari o‘zlariga berilgan vazifani zo‘r bajarishdi, shu bilan birgalikda raqibning qarshiligi mutlaqo kuzatilmagan kechada sodir bo‘lganini ham aytib o‘tsak...

Xulosa nima? Kambek bekorga sodir bo‘lmaydi, kambekda zaif xarakter egasigagina mag‘lub tomonda bo‘ladi. «Manchester Siti» «Tottenhem» to‘sig‘idan o‘ta olmaganini tushungandirsiz endi? O‘sha oqshom londonliklar bizning formuladagi zaif tarafga tushmasdilar, «Man Siti»ning har bir goliga kerakli miqdorda gol bilan javob berayotgani uchun-da, jazolanmadilar.

Ikki jamoa yaxshi o‘ynaganida kambek degan narsa bo‘lmasligi kerak, xullas.

Xayrulla Hamidov

Top