8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

12:53 / 08.05.2019 31802

Toshkentda 100 ming so‘mlik pulni qalbakilashtirish va o‘tkazish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi

Illyustrativ foto/KUN.UZ

2019 yil 4 mayga o‘tar kechasi to‘rt nafar yigit - Toshkent viloyatida yashovchi, muqaddam sudlangan, 24 yoshli S.Sh., Toshkent viloyatida yashovchi, 24 yoshli B.T., Toshkent viloyatida yashovchi, 20 yoshli I.X. va Andijon viloyatida yashovchi, 23 yoshli H,O. 100 ming so‘mlik nominaldagi milliy valuta qalbaki kupyuralarini o‘tkazish maqsadida Chilonzor tumaniga kelishgan. 

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, ular ushbu tumanda 23 yoshli Sh.A.ga 7ta shunday kupyurani o‘tkazishgan. O‘z navbatida, Sh.A. bu kupyuralar yordamida 33 yoshli H.M. - yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi, «Neksiya» avtomobili haydovchisi bilan hisob-kitob qilgan. H.M. bu pullar soxta ekanini aniqlab, Toshkent shahar IIBBning yaqin atrofda xizmat o‘tayotgan YPX inspektorlarini xabardor qilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida yuqorida ko‘rsatilgan yigitlar kelgan avtomobil aniqlandi hamda 4 may kuni soat taxminan 03:30larda avtomashina topildi va to‘xtatildi. Mashina g‘aladoni (bardachok) tekshirilganda, 100 ming so‘m nominaldagi 51ta soxta kupyura, chop etilgan milliy valuta kupyuralari tasvirlangan A4 shaklidagi 25 varaq qog‘oz hamda soxta pullarni tayyorlashda foydalanilgan «Canon» printeri aniqlandi. 

Sud-kriminalistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 100 ming so‘m nominalidagi, ish yuzasidan olingan, barcha 58ta kupyura soxta hisoblanadi.

Yuqorida nomlari qayd etilgan yigitlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Yunusobod tumani IIB tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tergov davomida S.Sh. Toshkent shahrining turli tumanlarida soxta pullar o‘tkazilganini tan olgan.

«Hurmatli fuqarolar va poytaxt mehmonlari! Agar siz ushbu shaxslar jinoiy faoliyati haqida ma'lumotga ega bo‘lsangiz yoki Toshkent shahri hududida soxta 100 ming so‘mlik pulni aniqlasangiz, bu haqda yaqin atrofdagi Ichki ishlar bo‘limi yoki 102 raqamiga xabar berishingizga so‘raymiz», - deyiladi IIBB xabarida.

Top