11:05 / 09.05.2019
11648

Sirdaryoda 10 nafar ayol uyli bo‘ldi, yana 120 nafari ish bilan ta'minlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda fevral oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida xotin-qizlar bandligini ta'minlash, xususan, qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlarning bandligini ta'minlash maqsadida “Paxtasanoat” xolding kompaniyasi tomonidan Oqoltin tumanida Shodlik mahallasida “Sirdaryo Baraka chevarlari” MChJga qarashli 120 o‘ringa mo‘ljallangan tikuvchilik korxonasi ochildi hamda 10 nafar ayolga uy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva qatnashdi. Tikuv sexi ishga tushirilishi bilan mahalladagi 120 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan ta'minlandi.

Tumanning yana uchta hududida xotin-qizlar uchun tikuvchilik korxonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda xotin-qizlar uchun 480 ta ish o‘rinlari yaratilib, tuman bo‘yicha 1-smenada 480 nafar xotin-qizlarning bandligi ta'minlanishi ko‘zda tutilgan.

Ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan 244 nafar ayollar tikuvchilik faoliyatidan mutlaqo bexabar bo‘lgan xotin-qizlarni tashkil qiladi. Shundan 92 nafari kam ta'minlangan oila vakilalari.

Tumandagi ikkita kasb-hunar kollejlarida xotin-qizlarni tikuvchilik kasbiga o‘qitish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilib,  har bir guruhiga 30 nafar xotin-qizlar qamrab olindi.

Birinchi bosqichda tikuvchilik faoliyatidan mutlaqo bexabar bo‘lgan xotin-qizlarning 70 nafari to‘liq o‘quv kursini tamomlab, sertifikatni qo‘lga kiritib, tikuv sexlarida o‘z faoliyatini boshladilar.

Jumladan, Xovos tumanining Turkiston massivida namunali loyihalar asosida qurilgan, arzonlashtirilgan uy-joylar qurib bitkazildi va o‘z egalariga topshirildi.

Shundan 10 tasi Respublika Xotin-qizlar jamoat fondi hisobidan uy-joy narxining 25 foizi miqdorida ya'ni 412 million so‘m hamda 6 nafar kasanachilik asosida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarimizga Respublika maxsus fondi tomonidan 95 million so‘m boshlang‘ich badal mablag‘lari to‘lab berildi.

Top