10:20 / 10.05.2019
24216
Elektr energiyasi uchun to‘lovni oldindan amalga oshirganlarga imtiyozlar joriy etish taklif qilinmoqda
Foto: RIA Novosti

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni oldindan to‘lagan foydalanuvchilarga imtiyozlar joriy etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Bildirilishicha, elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvofiq, maishiy iste'molchilar iste'mol qilgan elektr energiyasi uchun qarzdor bo‘lganda, to‘lov muddati o‘tgan har bir kun uchun to‘lov summasining qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya to‘laydilar. 

“Ortiqcha pul to‘lab qo‘ygan iste'molchilarga-chi? Ularga hech qanday imtiyozlar yo‘q! Oldindan ortiqcha pul to‘lagan iste'molchilarga ham bonuslar yoki imtiyozlar tizimini joriy qilish kerak”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Shu sababli, elektr energiyasi uchun oldindan ortiqcha to‘langan summadan kelib chiqqan holda, har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorda pul qo‘shilib tursa yoki oldindan to‘langan summa miqdoriga qarab bonuslar joriy qilinsa, yaxshi bo‘ladi, deyiladi petitsiyada. 

“Masalan, ortiqcha to‘langan 50 ming so‘mga 20 kvt-bonus, 100 ming so‘mga 45 kvt-bonus shunga o‘xshash kabilar. Bu, o‘z navbatida, korxonaga va iste'molchilarga foyda bo‘lib, elektr energiyasi uchun iste'molchilar tomonidan oldindan ko‘proq to‘lovlar to‘lanishiga hamda ortiqcha qarzdorlikning oldi olinishiga sabab bo‘ladi”, - deb yakunlangan murojaat.

Top