11:56 / 10.05.2019
39808

Kattaqo‘rg‘onda tahqirlangan ayol G‘allaoroldagi o‘g‘riligi uchun 5 yilu 2 oyga qamaldi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri IIB sobiq katta tezkor vakili San'at Umarov tomonidan o‘g‘rilikda gumonlanib, shahar IIB binosida tahqirlanib yechintirilgan, so‘ngra Oqdaryo tumanida sodir etgan o‘g‘riliklari uchun JIB Oqdaryo tuman sudi tomonidan 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi Nasiba Toshmatova Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yana jinoyat ustida qo‘lga tushgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allorol tuman sudining sudya U.Xidirboyev raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi, 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan, ilgari to‘rt marotaba sudlangan Nasiba Toshmatovaga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Nasiba Toshmatova 2019 yilning 10 fevral kuni ertalab oltilarda jinoiy sherigi Ozod Salomov bilan «G‘allorol dehqon bozori» hududiga kelib, soat sakkizlar atrofida bozordan sabzavot mahsulotlari xarid qilayotgan L.A.ning hamyonidagi 165 ming so‘m pul va bozor bahosi 150 ming so‘m bo‘lgan Samsung markali uyali telefonini kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘irlagan.

Shu kuni u O.Salomov bilan o‘zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, soat 8:30 lar atrofida bozorga kirish darvozasi oldida paypoq xarid qilayotgan S.Ya.ning hamyoni va 75 ming so‘m miqdoridagi pullarini o‘g‘irlayotgan chog‘ida ushlangan va jinoiy qilmishlari fosh etilgan.

Sud majlisida N.Toshmatova aybiga to‘liq iqror bo‘lib, shu kuni G‘allorolga sherigi O.Salomov bilan yo‘lovchi mashinada kelishgani, bozorda nonushta qilishgani, bir shisha aroq ham ichishgani, so‘ngra o‘g‘rilik qilishga kelishishganini aytib bergan.

Sud N.Toshmatova oldin ham bu jinoyatni bir necha marta sodir etganligini inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni yo‘q, degan qat'iy fikrga kelib, ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlashni lozim deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, N.Toshmatova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 3-qismi «a» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining 2018 yil 19 dekabr kungi hukmi bilan tayinlangan 4 yillik ozodlikdan cheklash jazosining o‘talmay qolgan 3 yilu 11 oy 6 kunlik qismi qo‘shilib, uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, N.Toshmatovaning 2018 yil 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili San'at Umarov tomonidan tahqirlanib, yechintirilgani haqidagi xabar jamoatchilik orasida katta rezonans keltirib chiqargandi.

2018 yilning 21 noyabrida JIB Samarqand viloyat sudi tomonidan S.Umarovga 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan edi.

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

Top