8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

17:41 / 10.05.2019 31225

Mirziyoyev «Toshkent» avtovokzaliga bordi. Xavfsizlikni ta'minlash va narxlarni arzon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni «Toshkent» avtovokzalida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarining 2017 yil 10 yanvardagi qaroriga muvofiq aholiga transport xizmati ko‘rsatish, shaharlar va qishloqlarda yo‘lovchilar tashish tizimi yaxshilanmoqda.
 
Jumladan, Chilonzor tumanidagi «Toshkent» avtovokzali rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi. Bir vaqtning o‘zida 2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Vokzal eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Dispetcherlik xizmati, chiptaxona, kutish zali va VIP zalda yo‘lovchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, savdo do‘konlari, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxona, barlar tashkil etilgan. 31 ta perron, 80 ta avtobus uchun joy mavjud. 

Bugungi kunda Toshkentdan Yangiyer, Zomin, Samarqand, Zarafshon, Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi, Uchquduq, Termiz, Denov, Buxoro, Qorako‘l va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kuniga 10 dan ortiq mahalliy reyslar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, avtovokzaldan 12 ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni manzillariga xavfsiz yetkazish maqsadida avtobusda tashishga ixtisoslashtirilgan «Uzautotrans Service» korxonasi tashkil etildi. Korxona parki Xitoyning «Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.» kompaniyasida ishlab chiqarilgan 168 ta zamonaviy avtobus bilan to‘ldirildi.

Ushbu avtobuslar 53 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, ular uchun maksimal darajada qulaylik yaratilgan. O‘rindiqlar yumshoq, har bir o‘rindiq tepasida havo deflektori va individual yoritish chiroqlari mavjud. Konditsioner va monitorlar safarlar chog‘ida juda qo‘l keladi. 

Shu yerda yo‘lovchi tashish tizimidagi muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari, xalqaro va shaharlararo avtobus yo‘nalishlari, avtovokzal hamda avtostansiyalarni rivojlantirishga oid rejalar taqdimoti o‘tkazildi.

Davlat rahbari har qanday ob-havo sharoitida yo‘lovchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish, qatnovlarda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, narxlarni arzon qilish, haydovchi va vokzal xizmatchilari malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Top