8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

12:14 / 10.05.2019 19805

Taniqli jurnalist «hokim» atamasini «rais»ga almashtirishni taklif qildi

Foto: Facebook/Toshpulat Raxmatullayev

Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Hokim – kim: ish boshqaruvchimi yo mutlaq hukmdor?» sarlavhali maqolasi O‘zA’da e'lon qilindi. Quyida maqoladan ayrim parchalar keltiriladi.

«Keyingi paytlarda mahalliy hokimiyat tizimidagi kamchiliklar, ayniqsa, hokimlarning oddiy fuqaro bilan munosabati, aholi muammolarini hal etishda eskicha yondashuvdan qutula olmayotganligi tanqid qilinmoqda. Nima, bu munosabat ilgari risoladagidek edi-yu, endi yomon bo‘ldimi? 

Albatta, yo‘q. Avvallari ahvol bundan o‘n chandon yomonroq edi. Ommaviy axborot vositalarining ancha erkin va ochiq faoliyat yuritishiga yaratilgan sharoit amaldorlarning kirdikorlari haqida ochiq so‘z yuritishga yo‘l ochdi. Yurtdoshlarimiz endi “kattalar”ning hamma aytganlarini ichga yutmasdan, erkin gapiradigan, jurnalist bilan baham ko‘radigan bo‘ldi. 

Aholi tuman, shahar, viloyat birinchi rahbarlarining o‘z zimmasidagi vazifalarni qanday bajarayotganligiga, o‘zgalarga bo‘lgan munosabatiga qarab davlatga baho beradi. Demokratik mamlakatlarda aholi muammolarining 80 foizi mahalliy davlat organlari darajasida hal bo‘larkan. Prezidentimiz uqtirgandek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan bo‘lsa, bu birinchi navbatda, mahalliy boshqaruv organlari faoliyati orqali namoyon bo‘lmog‘i lozim.

Bizda hokimlar vazifaga tayinlanganligidan ko‘p o‘tmasdan “buzila” boshlanishiga yoki xalqimiz oddiygina aytgandek, oyog‘i yerdan uzilishiga sabab nima? Buni faqat ularning shaxsiy qusurlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Axir, tayinlashdan oldin ular ko‘plab tekshiruvlardan o‘tadi-ku! Yoki tekshiruvlar (tekshiruvchilar) mezonida bir gap bormi?

Bu holning asosiy sababi joylarda birinchi rahbarning hokimi mutlaqqa aylanishiga olib keluvchi sharoit va imkoniyat yaratib qo‘yilganligidadir. Ular nafaqat aholiga, balki o‘zidan pastda turuvchi davlat organlari oldida hisobotlar emas va tanho mansab pillapoyasida o‘zidan yuqori turuvchilar aytganini so‘zsiz bajaradi. Shundan ular o‘z faoliyati davomida “past”ga emas, doimo “tepa”ga qarab ish ko‘radi.

Odamlarni mensimaslik, o‘z ustidan nazoratni yo‘qotib, katta-kichik yig‘ilishlarda o‘zgalarni kamsitish, haqoratlash kabi illatlar ba'zi bir hokimlar uchun odatiy holga aylandi. Oldingi hokim qabul qilgan hujjatlarni, ayniqsa, yer ajratish haqidagi qarorini bekor qilish, yer maydonlarini boshqalarga berib yuborish kabi holatlar ham talaygina. Bunga istagancha misol keltirish mumkin. 

Hokimlar aholi huzuriga biror-bir masalani hal qilish uchun borsa, o‘zi bilan prokuror va ichki ishlar organi boshlig‘ini olib boradi. Lekin ular doim ham hal qilinishi lozim bo‘lgan muammoga daxldor bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pchilik guvoh bo‘lgan bo‘lsa kerak: hovli-joyni buzish, fermerni topshiriqni vaqtida bajarmading deb tergash, bir tadbirkor mulkini boshqasi foydasiga olib qo‘yish lozim bo‘lgan paytda hokim yonida huquq-tartibot organlari rahbari hozir bo‘ladi. Davlat boshqaruv organi rahbari hatto noqonuniy harakat qilgan paytda ular – qonun posbonlari – jim turadi», - deb yozadi jurnalist. 

Uning yozishicha, shu vaqtgacha vaziyatni o‘nglash maqsadida hokimlarni almashtirish tartibi amal qilib kelmoqda. 

«Avvallari viloyat hokimlari har uch-to‘rt yilda o‘zgarib tursa, oxirgi yillarda ularning “hukmronlik” davri olti oy bilan cheklanayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Tuman va shahar hokimlarining vaziyatini bundan yaxshiroq deb bo‘lmaydi. 

Demak, bu yerda gap faqat birinchi rahbarning shaxsiy qusurida emas. Hudud miqyosida rahbar qo‘liga cheklanmagan hokimiyat berib qo‘yilganligi ularni o‘sha hududning mutlaq hokimiga aylantirib qo‘ymoqda. Boshqaruv tizimini o‘zgartirish orqali bu kamchilikni tuzatish, hokimlar mas'uliyatini oshirish va hisobotdorligini ta'minlash mumkin bo‘ladi.

Mahalliy davlat boshqaruv tizimini isloh qilish uchun bu borada ilgarilab ketgan davlatlar tajribasini o‘rganish ahamiyat kasb etadi. Masalan, demokratik mamlakatlarda davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida o‘zaro tiyib turish va qarshi ta'sir etish (inglizchada checks and balances) tizimi samarali amal qiladi. Bu tizim manfaatlar muvozanatini saqlab turishning muhim omili sanaladi. Hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy tamoyili hayotga joriy etish uchun bizda ham xalq deputatlari viloyat (shahar, tuman) Kengashlari hokimning boshqaruvidan chiqarilishi lozim. Hokim faqat ijroiya hokimiyatining raisi bo‘lib qolmog‘i shart. Uning vakolatiga nimalar kirishi aniq belgilab qo‘yilishi zarur. Xalq deputati Kengashini boshqa kishi boshqarsin. Hokim Kengash oldida muntazam hisobot berib tursin. 

Ha, aytmoqchi, “hokim” atamasini ham o‘zgartirish kerak, nazarimda. Viloyat, tuman, shaharning birinchi rahbarini “hokim” emas, “rais” deb atasak. Masalan, “Samarqand shahar hukumati raisi”. Xo‘sh, nima deysiz? Yoki boshqa taklif bormi?

Yuqorida ta'kidlanganidek, demokratik mamlakatlarda aholi muammolarining 80 foizi mahalliy davlat organlari darajasida hal bo‘lar ekan. Biz ham qachonlardir shunga erisharmiz?! Aslida boshqarish jarayonida umumiy manfaatni inobatga olib ish yurgizish shunchalik mushkulmi? Keling, bu haqda ko‘p gapirmasdan, hayot tajribasi asosida bildirilgan ikkita fikrga quloq tutaylik. Ulardan birini mashhur yozuvchi, ikkinchisini boshqarish tizimini ichidan bilgan AQSh prezidenti aytib o‘tgan. Agar Bernard Shou “Umuman aytganda, hokimiyat odamlarni buzmaydi, ahmoqlar hokimiyatga chiqsa, hokimiyatni buzadi” degan bo‘lsa, Tomas Jyeferson “Boshqarish san'atining bor-yo‘g‘i halol bo‘lish san'atidan iboratdir” degan ekan», - deya xulosa qilgan Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Top