20:25 / 10.05.2019
42042

«Yashash uchun xavfli!» - Urganch shahridagi sifatsiz qurilgan ko‘pqavatli uylar mojarosi

So‘nggi yillarda aholining uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida hukumat tomonidan ko‘plab qarorlar qabul qilindi, dasturlar amalga oshirildi. Natijada, qisqa vaqt ichida yangi, zamonaviy uy-joylar qad rostladi, ularning soni oshib, shahar va qishloqlar qiyofasi yangilandi. Ammo sifati-chi?

Yangi uy-joylarning qurilish ishlari soha mutaxassislariga topshirilganmi, ular sifatli bajarilyaptimi? Bu uy-joylarga ko‘chib o‘tgan odamlar uzoq yillar davomida barcha qulayliklardan bahra olib, bemalol va xavfsiz yashash imkoniyatiga ega bo‘ladilarmi? Bu savollar yaqin yillarda kun tartibidan o‘rin olsa ajab emas. Har bir sohada son ortidan quvish har doim sifat pasayishiga olib kelgan. Qurilish sohasidagi sifatsiz ishlarga esa e'tiborsizlik qilib bo‘lmaydi, chunki bu odamlar hayoti xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liq.

Bu maqolada sifatsiz qurilgan va yashash uchun xavfli bo‘lgan uylar haqida so‘z yuritamiz.

2013 yilda Desert Oazis qo‘shma korxonasi tomonidan Urganch shahrida 16 va 32 xonadonli qo‘pqavatli uylar qurilishi boshlanadi. Ko‘plab fuqarolar bu uylarni o‘z mablag‘lari va bank krediti hisobiga xarid qilishadi. 2014 yilda qurilish ishlari yakunlangan.

Biroq uylar egalariga ichki qismi to‘liq ta'mirlanmagan, chala holda topshirilgan. Pudratchi tashkilot Desert Oazis buni smeta xarajatlari oshib ketishi va pul mablag‘lari tugab qolishi bilan izohlagan. Natijada, fuqarolar uylarni o‘z hisobidan katta mablag‘ evaziga ta'mirlab olishgan. Keyin esa pudratchi tashkilotni sudga berishgan. Sud taqriban 304 million so‘mlik ish sifatsiz bajarilganini, qo‘shib yozilganini aniqlab, fuqarolarga kompensatsiya undirib bergan. Uy egalarining so‘zlariga ko‘ra, bu sarflangan mablag‘larning taxminan 1/10 qismini tashkil etgan, xolos.

Ammo bu mojarolar keyinroq aniqlangan kamchiliklar oldida holva edi.

O‘z mablag‘lari hisobiga G‘alaba ko‘chasidagi 10-uydan xonadon sotib olgan O‘rozgul Abdrimova bu ishidan 6 yildan beri afsuslanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uylarda yashash inson hayoti uchun xavflidir.

«145 million so‘mga shu uydan xonadon sotib oldim. U ta'mirlanmagan 4ta devordan iborat edi. Juda sifatsiz qurilgan uyni o‘z hisobimdan ta'mirladim, hatto oyna va eshiklarigacha almashtirdim. Ammo ta'mirlash jarayonida bundan ham qo‘rqinchli kamchiliklar borligi ma'lum bo‘ldi: uyning asosiy devorlari o‘rtasiga bir qator g‘isht terilmay, g‘ovak holda qoldirilgan. Bo‘shliqlar esa qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgan. Shunda bu uyda yashash nafaqat noqulay, balki xavfli ekanini ham bildik. Uy sotib olaman deb, afsuski boshimga g‘avg‘o orttirgan ekanman», - dedi O‘rozgul Abdrimova.

60 yoshli ayol bu uyni qaytarib olishlarini, o‘rniga yangisini berishlarini talab qilib, bir necha yillardan beri Urganch shahar hokimiyati bilan tortishmoqda. 

Uylar qurilishidagi kamchiliklar tergov surishtiruv jarayonida ham o‘z tasdig‘ini topgan. Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi (DAQN) xodimlari tomonidan 4 qavatli uyning 1-qavatidan 4-qavatigacha ko‘tarib turgan asosiy devorlar suvog‘i ko‘chirilib, nazorat tartibida ochib ko‘rilganida, g‘isht terish uchun mo‘ljallangan qorishmada sement me'yorida ishlatilmagani, devorlarning ikki chekkasiga g‘isht nomigagina terilib, o‘rtadagi bo‘shliq qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgani aniqlangan. Bundan tashqari, binoni ushlab turadigan seysmologik bog‘ichlar me'yor talablarida qo‘yilmagan. Qo‘yilganlari esa bir-biriga payvandlanmagan. G‘isht oralariga armatura simlar qo‘yilmagan. Natijada, qurilishning me'yoriy qoidalari qo‘pol ravishda buzilgan.

G‘alaba ko‘chasidagi 16 va 32 xonadonli uylar qurib bitkazilgach, Davlat qabul hay'ati tomonidan tuzilgan dalolatnomada loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlarning barchasi, xususan zilzilabardoshlikni ta'minlovchi ishlar me'yorida bajarilgani qayd etilgan. Dastlabki tergov idorasi Davlat qabul hay'ati a'zolari foydalanishga topshirilayotgan obektni tashqi tomondan tekshirishi nazarda tutilgani, bu uylarning sifatsiz bajarilgan ishlar asosan «ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan yopiq qurilish ishlaridan kelib chiqqani sababli, hay'at a'zolarining xatti-harakatlarida qonunbuzarlik holatlari yo‘q» degan xulosaga kelgan.

Qiziq, agar qurib bitkazilayotgan uylarning sifati faqat tashqi holatini ko‘zdan kechirgan holda aniqlanadigan bo‘lsa, ularning yashash uchun xavfsiz ekani qanday kafolatlanadi? Uylarni qurish uchun ishlatilgan sement qorishmalari, g‘isht, beton plitalarning sifatini faqat ko‘zdan kechirgan (vizual) holda aniqlab bo‘ladimi?

2018 yili Toshkent shahar qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining bo‘lim mudiri Aleksandr Gusarov G‘alaba ko‘chasidagi uylarda nafaqat vizual, balki instrumental usulda ham texnik tekshiruv o‘tkazadi. Maxsus uskunalar yordamida uylarning devorlari o‘rtasi g‘ovak ekani, bo‘shliqlar borligi aniqlanadi. Natijada, qurilish me'yorlari qo‘pol tarzda buzilgani yana bir bor tasdiqlanadi.

Bu kamchiliklarni bartaraf qilish uchun Desert Oazis qo‘shma korxonasiga bino devorlarini zo‘raytirish bo‘yicha topshiriq beriladi. Shundan so‘ng, devorlar teshilib, bo‘shliqlarga sement qorishmasi quyiladi. Ammo ish oxiriga yetkazilmaydi va binoning faqat tashqi devorlarida zo‘raytirish ishlari o‘tkaziladi, xolos. Ichki devorlar esa avvalgi holatida qoldiriladi.

Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi (DAQN) binoni zo‘raytirish ishlari tugallanmagani va uni oxirigacha yetkazish lozimligi haqida 2018 yilda Urganch shahri va Xorazm viloyati hokimligiga xat bilan murojaat qilgan. Ammo bu ishlar hanuzgacha bajarilmagan.

Hozirgi kunda 9-uydagi ko‘plab xonadonlarda odamlar yashamoqda. 10-uyning aksariyat xonadonlari esa bo‘sh turibdi. Ba'zi oilalar xavfsirab, bu yerga ko‘chib o‘tishni istamayaptilar. Ko‘chib o‘tganlari esa yurak hovuchlab yashamoqdalar.

«Tunda eng kichik xonada uxlaymiz. Katta xonalarda uxlashdan qo‘rqamiz, chunki devorlari juda sifatsiz qurilgan, og‘ir beton plitalarni ko‘tarib turishiga kafolat yo‘q», - dedi ismi sir qolishini istagan xonadon egalaridan biri.

DAQN talabiga ko‘ra uylarning devorlarini zo‘raytirish uchun, suvog‘i tushirilishi, temir panjaralar bilan qoplanib, mahkam tortilishi va mustahkamlanishi kerak. Bundan tashqari, zo‘raytirish ishlarini o‘tkazgan korxona fuqarolarning xonadonlarini qayta ta'mirlash uchun ketadigan xarajatlarni ham qoplab berishiga to‘g‘ri keladi. Qurilish ishlarining o‘z vaqtida sifatli tarzda bajarilmasligi zanjir reaksiyasi tarzida mana shunday oqibatlarga olib kelmoqda.

Hozirgi kunda ko‘plab tadbirkorlar qurilishga o‘zini urayotganini kuzatyapmiz. Sababi oddiy – mana shu sohada katta pullar aylana boshladi. Qurilish korxonalarining soni yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paydi. Ular tenderlarda ishtirok etib, ko‘pqavatli uy-joylarni qurish huquqini qo‘lga kiritmoqda. Biroq ularning tarkibida ko‘pqavatli uylarni qurish bo‘yicha bilim va tajribaga ega bo‘lgan qurilish sohasi mutaxassislari, maxsus texnika va uskunalar bor-yo‘qligiga e'tibor berilmayapti. Ba'zi korxona rahbarlarining qo‘lida faqat bir necha varaqli nizom, muhr va tamg‘a bor xolos. Tenderni qo‘lga kiritgach, bir amallab ishchilar, ustalarni yig‘ib, texnikalarni ijaraga olib, uy-joylarni tezda qurib, topshirishga harakat qilishadi. Qurilish me'yorlariga amal qilinmaydi, ish qishda ham, sovuq kunlarda ham to‘xtatilmaydi. Afsuski, son ketidan quvish oqibatida bu sohadagi tartib ham, nazorat ham susayib ketgan.

Ko‘pqavatli uy-joylarni barpo qilishda qurilish me'yorlariga so‘zsiz amal qilish, buni ta'minlash uchun nazoratni kuchaytirish lozim. Aks holda bunday e'tiborsizlik ayanchli oqibatlarga olib kelmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top