O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Ba'zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan «Sudlar to‘g‘risida»gi 924–XII-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:
17-modda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari) ikkinchi qismi:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaati haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqadi»;
26-moddaning (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi):
o‘n birinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar bilan almashtirildi:
«qonunlarni sharhlab berishni talab etuvchi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi ko‘rib chiqishi uchun taqdimnoma kiritadi».