08:30 / 11.05.2019
117007

Avtomobil bir litr suv bilan 1400 km yo‘l bosishi mumkinmi?

Ixtirolar, kashfiyotlar, innovatsiyalar deganda odatda ko‘pchiligimiz olis-olislardagi va bizga aloqasi bo‘lmagan jarayonlarni tushunamiz. Lekin o‘z g‘oyalari bilan ko‘pchilikning og‘irini yengil qiluvchi, fan-texnikada o‘ziga xos ishlanmalar taqdim etuvchilar yurtdoshlarimiz orasida ham talaygina. Biz bugun ana shunday insonlar bilan tanishtiramiz.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

G‘ofur Abduvohidov va Orif Sobirov ism-sharifli yigitlar tahririyatimizga tashrif buyurganlarida qo‘llarida ikkitagina kichik sumka bor edi. Lekin gap-so‘zlari salkam mo‘jizaga da'vogardek. Ular sumkadan chiqargan oddiy shisha idishlardan iborat moslama suvdan gaz (vodorod) ajratib olishini aytganlarida tahririyatimiz a'zolaridan ko‘pchiligiga bu yolg‘ondek tuyuldi. Lekin yigitlar juda qat'iy edilar va bizga o‘z ishlanmalarini taqdim etishga kirishdilar.

Tushunishimizcha, g‘oya quyidagicha: suvdan ikkita idish orqali tok o‘tkaziladi va undan gaz ajralib chiqadi. Bu gazning o‘ziga xos jihati katta energiya ajratadi, hosil bo‘lgan harorat metan gazinikiga nisbatan ancha katta, garchi hozir kichik hajmda ko‘rsatilayotgan bo‘lsada, shprits ignasidan ufurayotgan harorat va olov shiddati baland.

Tajriba shubhalardan xoli bo‘lishi uchun uch xil suv – oddiy vodoprovod suvi, isitib/sovutib beruvchi moslamadan olingan suv va oddiy yelim idishda qadoqlangan suvdan teng miqdorda oldik va moslamani ishga tushirdik. Biroz muddat o‘tib suvda pufakchalar paydo bo‘ldi va shprits ignasi uchiga uchqun berilishi bilan olov chiqa boshladi. Hayrat bilan ozgina kuzatdik va yigitlarni suhbatga tortdik.

– Qisqa qilib aytganda bu ishlanmaning siri nimada?

– Boshidanoq aytib qo‘yay – bizning bu ishlanmamiz butunlay yangilik emas. Suvni parchalash orqali energiya olish bo‘yicha g‘oyalar oldin ham bo‘lgan, hozir ham bor va albatta bundan keyin ham bo‘ladi. Hozir ham internetni kuzatsangiz ayni shu mazmundagi yuzlab videolarni ko‘rishingiz mumkin. Hamma gap buning uchun sarflangan energiya bilan olingan energiya farqida. Shu paytga qadar bunday tajribalarda 30-40 foiz, ko‘pi bilan 90 foizlik natijaga erishilgan. Ya'ni oddiy til bilan aytganda 100 so‘m sarflab 30-40 so‘m, nari borsa 90 so‘m “daromad qilingan”. Bizda esa bu ko‘rsatkich taxminimizcha, kamida 300 foizga yetmoqda.

– Qurilmani qay tartibda sinab ko‘rdingiz?

– Bu qurilmani “Zaporojyets” mashinasida sinovdan o‘tkazganmiz. Ichki yonuv dvigateliga moslaganimizdan so‘ng bir litr (!) suv bilan, to‘g‘rirog‘i bir litr suvdan tajribamiz asosida ajralib chiqqan gaz bilan 1400 kilometr yo‘l bosganmiz. Demak qisqa ta'rif beradigan bo‘lsak, u tatbiq qilinsa, mashina bir litr suv bilan salkam 1500 km yo‘lni ortda qoldiradi.

– Bilishimizcha, dastlab Rossiyada bu ixtironi sinab ko‘rgansiz. Qiziqqanlar bo‘lmadimi?

– Albatta bo‘ldi. Ammo ularning deyarli hammasi energetika kompaniyalari edi. Katta mablag‘ ham taklif qilishdi. Lekin ularning maqsadi aniq – buning sirini bilib olib, yashirib tashlash va umuman yuzaga chiqarmaslik! Qanchalik balandparvoz tuyilmasin, bizning niyatimiz bu ixtiromiz birinchi navbatda xalqimizga xizmat qilishini istaymiz. Hozirgi kunda energetika bo‘yicha juda ko‘p loyihalar bor, ammo ularning ko‘pi hayotga tatbiq etilmay qolib ketyapti. Qishloq joylarimizning aksariyatiga tabiiy gaz yetib bormagan, borgan joylarda ham bosim past, uzilishlar ko‘p. Ishlab chiqarishda gaz masalasi muammo, tadbirkorlarimizning mahsuloti tannarxi oshib ketyapti. Biz ana shunday muammolarni qisman bo‘lsa-da yechishni maqsad qilganmiz. Bu g‘oya O‘zbekistonga foyda keltirishini istaymiz.

– Biz hozir ichimlik suvida sinov o‘tkazdik. Ichimlik suvining o‘zi ham muammo. Boshqa suvlarda qanday natijaga erishish mumkin?

– Boshqa suvlarda natija yanada yaxshiroq bo‘ladi. Daryo suvi, yomg‘ir suvidan ajralgan gaz hajmi ichimlik suvinikidan yuqori. Umuman, suvning xususiyatlari haqida minglab asarlar bitilgan, ammo hanuz uning barcha sirlari ochilmagan. Biz uning bittagina siriga asoslangan ixtiromizni namoyish etayapmiz. Ko‘rib turibsizki, olovning harorati juda baland. Metanda bu ko‘rsatkich 2800 darajaga yetsa, bu qurilmadan ajralayotgan harorat 4000 darajadan oshadi.

– Mashinalarda qo‘llash mumkin deyapsiz, bu xavfli emasmi?

– Xavfsiz yoqilg‘ining o‘zi yo‘q. Ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilsa, benzin ham, propan ham, metan ham xavfli. Bu qurilmadan ajralayotgan gazni saqlab bo‘lmaydi, darhol sarflash kerak. Ammo biz bu ixtironi yanada takomillashtiramiz, xavfsizlikni kuchaytiramiz.

– Tajribangiz ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Gaplaringiz rost bo‘lsa, bu energetika sohasida o‘ziga xos yangilik bo‘ladi. Demak uni zudlik bilan hayotga tatbiq etish lozim ekanda?

– Albatta! Butun dunyoda tiklanuvchi energiya muammosi mavjud va bu muammo kundan-kunga keskinlashaveradi. O‘zbekistonda ham ko‘plab hududlarda gaz yetishmaydi, ayniqsa qish oylarida aholi qiynaladi. Mana shu qurilmamizni zarur ehtiyot choralarini qo‘llagan holda hayotga tatbiq eta olsak, ko‘pchilikning og‘irini yengil qilishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib yurtimiz rahbariyatiga murojaat qilmoqchiman. Mana shu ishlanmamiz avvalo o‘z xalqimizga xizmat qilishini istashimizni aytdim. Bundan tashqari ham qator ishlanmalarimiz bor. Istardikki bizga imkoniyat yaratilsa, birinchi navbatda bu ixtironi takomillashtirish uchun laboratoriya tashkil etilsa, grantlar ajratilsa, patent berilsa va oxir-oqibat hayotga tatbiq etilsa.

Ishonaman, orzu qilaman, Prezidentimiz adminstratsiyasi bu ixtiromizga keng yo‘l ochib beradi va biz O‘zbekistonning ravnaqiga xizmat qilamiz!

O‘z navbatida tahririyatimiz ham yetakchi olimlarga, soha mutaxassislariga murojaat qiladi: sizdan bu ishlanma bo‘yicha fikr-mulohazalaringizni, berilgan bahoingizni kutib qolamiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Sherzodbek Egamov.

Top