16:00 / 12.05.2019
21601

APLda chempionlik poygasi tugamoqda. «Siti» va «Liverpul» tarix yozishdi

Yakshanba kuni premer-ligada yakunlovchi tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Oxirgi tur arafasida «Manchester Siti» «Liverpul»ni bir ochkoga ortda qoldirmoqda va katta ehtimol bilan Xosep Gvardiola shogirdlari qatorasiga ikkinchi chempionlikni nishonlashadi. Ammo nima bo‘lganda ham Yurgen Klopp olqishlarga sazovor.

Asosiysi tomoshabop futbol
Sentabr oyida «Chelsi» «Liverpul»ni qabul qilgan, qizillar 89-daqiqada urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi. O‘shanda Yurgen Klopp o‘yinni xuddi o‘zining jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozonayotgandek tirjayib kuzatgandi. «Chelsi» bosh murabbiyi keyin eslaydi: «Bu noodatiy shou bo‘lgandi. O‘yin yakuniga qadar 10 daqiqacha vaqt qolgandi. Menga kulimsirab qarab turgan Kloppga ko‘zim tushdi. Undan nega kulayotganini so‘radim. U javob berdi: «Sen o‘yinni ko‘rib rohatlanmayapsanmi?».

Bu vaziyat «Liverpul» murabbiyini ideal darajada xarakterlaydi. Maydonda nima ro‘y berayotgan bo‘lmasin, germaniyalik mutaxassis o‘z quvnoqligini saqlab qoladi. U Liverpulga kelganida faqat bir marta - 2017 yilning sentyabrida «Manchester Siti»dan 0:5 hisobida mag‘lub bo‘layotganida juda tushkun ko‘ringandi.

Barselonadagi birinchi o‘yinda ham u o‘ziga xosligini saqlab qolgandi. O‘yinning 68-daqiqasida jamoasi hisobda ortda borayotgan vaqtda Gomez jarima zarbasidan xato zarba berdi va ortga o‘girilib murabbiyi tomonga qaradi, ammo Klopp barmog‘i bilan «zo‘r» ishorasini ko‘rsatib, uni ovuntirdi va dedi: «Jo, barchasi yaxshi. Tabassum qil».

Oltinga munosib

Bir vaqtlar butun dunyoda Gvardiolaning «Barselona»siga taqlid qilish boshlanib, ko‘plab jamoalar «tiki-taka» o‘ynay boshlashgan bo‘lsa, endi ko‘plab jamoalar Kloppning «Liverpul»i kabi pressingga (yoki qarshi pressing) ko‘proq e'tibor qaratishmoqda.

Gvardiola esa hozirda «Manchester Siti»ni g‘alaba mashinasiga aylantirdi. Bu jamoa bugun chempion bo‘lishi kutilmoqda. Munosibmi? Shak-shubhasiz! «Manchester Siti» futbol muxlislariga yoqadigan futbol ko‘rsatadi. Ammo bu mavsumda premer-ligada birdan ikki jamoa muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatmoqda va ikkisi ham chempionlikka munosib.

Harri Rednapp «Barselona»ga qarshi o‘yinlardan oldin aytib o‘tganidek, agar «Liverpul» Ispaniya chempionatida ishtirok etganida chempion bo‘lgan bo‘lardi. Buni keyinroq «Liverpul»ning o‘zi ham tasdiqladi.

Hozirgi «Liverpul» o‘tgan asrning 70-yillaridagi Niderlandiya terma jamoasini eslatadi. Rinus Mixels va Yoxan Kroyfning total futbolini hozir ham unutishmagan -  zamonaviy murabbiylarning ko‘pchiligi bu uslubning qaysidir elementlaridan foydalanadi. Jumladan, Klopp va Gvardiola ham.

«Liverpul»ning Niderlandiyaga o‘xshash yana bir jihati bor. O‘sha vaqtlarda Niderlandiya ikki marta - 1974 va 1978 yillarda ikki marta jahon chempionati finaliga chiqib, g‘olib bo‘lolmagan. O‘sha vaqtlarda «Ayaks» qatorasiga uch mavsumda Chempionlar kubogi (hozirgi Yevpropa Chempionlar ligasi) g‘olibi bo‘lgan, ammo ularning muvaffaqiyatlari terma jamoada aks etmagan. «Liverpul» ham Klopp kelganidan buyon (undan oldin ham ko‘p yillar davomida) hech narsa yutmadi. Yurgen ham o‘z faoliyatida ikki marta YeChL finalida mag‘lub bo‘lgan, bir marta Yevropa Ligasi finalida, ikki marta Germaniya Kubogi finalida, bir marta Angliya Ligasi kubogi finalida yutqazgan, Germaniya chempionatida ikki marta ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangan. Hozir uning medallar xonasida faqat uchta oltin bor: ikki marta Bundesliga g‘olibligi va bir marta Germaniya Kubogidagi g‘oliblik. Inqilobchi murabbiy uchun g‘arib xona.

Bu mavsumda ham «Liverpul» Angliya chempionatida sovrinsiz qolishi mumkin. Ammo Kloppning vaqti ham kelishi kerak. Balki bu 1 iyun kuni Madridda bo‘lar...

Bugun esa «Liverpul»ni juda jiddiy raqib kutmoqda. Shundoq ham bir ochko ko‘proq jamg‘arib turnir jadvalida birinchi o‘rinda joylashgan «Manchester Siti»ning oxirgi turdagi raqibidan farqli ravishda («Brayton»), «Liverpul»ni «Vulverhempton»ga qarshi o‘yin kutmoqda.

250 ming kishilik mo‘'jazgina shahar sharafini himoya qiladigan «Vulverhempton» 2016 yilda xitoylik investorlar qo‘liga o‘tgach, rivojlanishning yangi bosqichini boshladi. Fosun International holdingi mablag‘lari tarkibni kuchaytirishga sarflana boshlandi, bir necha murabbiydan keyin rahbariyat portugaliyalik Nunu Jrlandere Simoynshe Eshpiritu Santu nomzodida to‘xtaldi. U hech qachon Angliyada o‘ynamagan va ishlamagandi, umuman, Pireney yarimoroli chegaralaridan tashqariga chiqmagandi.

Futbolchiligida darvozabon bo‘lgan Nunu biror jamoadagi faoliyati bilan yodda qolmagan, uning murabbiyligi ham shu tarzda boshlangandi - «Valensiya» va «Portu» bosh murabbiyligida u uzoq vaqt qola olmadi. Shundan so‘ng u chempionshipni zabt etish uchun yo‘l oldi. Uning tumanli albiondagi kelajagi tuman ostida edi.

Uning Angliyaga safarida taniqli agent Jorjye Mendeshning Gestifute kompaniyasi vositachilik qilgandi. Portugaliyalik agent xitoylik investorlar bilan qalin aloqa o‘rnatdi va portugaliyalik murabbiy bilan birga birdaniga 6 nafar portugaliyalik futbolchini «Vulverhempton»ga olib o‘tdi. Asosiy futbolchilari bilan bir tilda gaplasha olish imkoniyatiga ega bo‘lgan murabbiy esa ularga o‘zi nima istayotganini osonlik bilan tushuntira olardi.

Mavsum davomida guvoh bo‘ldikki, Nunu nafaqat portugal tilini, balki futbol tilini ham juda yaxshi bilar ekan. Uning boshchiligidagi «darbadarlar» grandlar bilan o‘yinlarda hech narsadan tap tortmasdan ochko ketidan ochko oldi. Premer-liga doirasida «Molino»da kechgan o‘yinlarda «Chelsi», «Manchester Yunayted» va «Arsenal» kabi nomdor raqiblar tor-mor etildi, Angliya Kubogida esa «Liverpul» (1/32 finaldayoq) va «MYu» mag‘lub etildi. «Bo‘rilar» safar o‘yinlarida ham kuchli jamoalardan ochko oldi, «Tottenhem» Londonda mag‘lub etildi, jamoa faqat «Siti»ni yenga olmadi, bugun esa «Liverpul» bilan hisob-kitob qilinadi.

«Darbadarlar» quyi ligadan chiqib birinchi mavsumdayoq ko‘p ochko to‘plash bo‘yicha 18 yillik rekordni yangilashdi - 57 ochko. Nunu Gvardiola, Klopp va Pochettino qatorida mavsumning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun da'vogar - u bilan shartnoma 2021 yilgacha uzaytirildi. U bugun g‘alaba qozonsa, balki ovoz berish natijalariga ko‘ra mavsum murabbiyiga ham aylanar. 

Statistika

APL tarixida 7-marta chempionlik masalasi oxirgi turda hal bo‘lmoqda. Bu mavsumda «Liverpul» va «Manchester Siti» har turda quvlashmachoq o‘ynadi va bugun bu «mushuk-sichqon o‘yini» yakuniga yetadi.

Gvardiola va Klopp jamoasi nafaqat butun turnir jadvali miqyosida, balki kuchli oltilik bilan o‘zaro o‘yinlarda to‘plangan ochkolar bo‘yicha ham yaqqol ajralib qolgan: «Manchester Siti»da 25, «Liverpul»da 19 ochko. Keyingi tartib «Arsenal» (12), «Chelsi» (12), «Tottenhem» (7) va «MYu» (7).

«Manchester Siti» va «Liverpul» ikkisidan biri ochko yo‘qotishi holati oxirgi marta shu yilning 3 martida kuzatilgandi - «Liverpul» hamshahari «Everton»ni safar o‘yinida yenga olmagandi (0:0). Oxirgi turga kelib «Manchester Siti»da 13 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya, «Liverpul»da 8 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya qayd etilmoqda. Bu seriyalarni to‘xtatish uchun «Brayton» va «Vulverhempton»da ozgina bo‘lsa ham imkoniyat bor.

Mavsum boshidan buyon «Siti» 16, «Liverpul» 17 ochko yo‘qotdi. Taqqoslash uchun, «MYu» so‘nggi 12 turda 16 ochko yo‘qotdi.

«Siti» bu mavsumda raqib bo‘lgan 19 jamoaning barchasini kamida bir marta mag‘lub etdi, «Liverpul» esa faqat «Siti»ni yenga olmadi (0:0, 1:2).

• «Manchester Siti» so‘nggi 10 yil ichida chempionlik maqomini saqlab qolgan ilk jamoa bo‘lishi mumkin. Oxirgi marta 2009 yilda «Manchester Yunayted» Aleks Fergyuson va Krishtianu Ronaldu bilan birgalikda ketma-ket ikkinchi chempionlikka erishgandi.

• Yevropa top-ligalarida 90+ ochko hamisha ham chempionlikni kafolatlamaydi. 2009/10 yilgi mavsumda «Real» 96 ochko bilan ikkinchi bo‘lgandi. O‘tgan yilda esa 91 ochko ham «Napoli»ga chempionlik uchun yetarli bo‘lmadi.

• 0:0 va 2:1 – «Manchester Siti» va «Liverpul»ning bu mavsumdagi o‘zaro o‘yinlarida shunday natijalar qayd etildi. Ikkinchi o‘yin 3 yanvar kuni o‘tkazilgan, o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonish orqali «Siti» chempionlik poygasiga qaytgandi: «Liverpul» 2018 yilni oradagi 7 ochkolik farq bilan yakunlagandi.

•  «Etihad»dagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat «Liverpul»ning chempionatdagi yagona mag‘lubiyati bo‘lib turibdi.

• 2019 yilda «Siti» APLda 17 o‘yin o‘tkazib, 16 g‘alabaga erishdi. Faqat bir o‘yinda Benites boshqaruvidagi «Nyukasl»dan mag‘lub bo‘lindi.  

• «Liverpul» Premer-ligasida ochko jamg‘arish bo‘yicha  klub rekordini takrorladi(2008/09 yilgi mavsumda 88 ochko) shuningdek g‘alabalar soni bo‘yicha ham yangi rekord o‘rnatildi (2013/14 yilgi mavsumda 26 g‘alaba).

• «Enfild»da 50 ochko – «Liverpul» uchun APLda uy uchrashuvlaridagi eng yaxshi natija (avvalgi maksimum – 49 ochko 2013/14 yilgi mavsumda qayd etilgandi). «Liverpul» oxirgi turda natijasini yanada yaxshilashi mumkin. 

• Ammo «Siti» uy uchrashuvlarida yanada muvaffaqiyatliroq: 57 imkoniyatdan 54 ochko. Ideal natijaga erishishga «Kristal Pelas» xalaqit bergandi - 2:3.

• «Siti» o‘yinlarning ilk 15 daqiqaligida jami 19 gol urgan. 

• «Liverpul» 5 marta o‘yinlarnng 80-daqiqasidan keyin g‘alaba golini urgan. Yana bir gol – Deniel Starrijning uzoq masofadan urgan takrorlanmas goli – «Liverpul»ni  «Stemford Brij»da mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan. 

***

Bugungi natijalardan keyin ham chempion nomi aniq bo‘lmasligi va «Manchester Siti» hamda «Liverpul» o‘rtasida «oltin uchrashuv» o‘tkazilishi ham mumkin. Ehtimoliy ssenariylardan biriga ko‘ra alohida chempionlik o‘tkazilishi varianti ham bor.

Agar bugun «Siti» o‘z o‘yinida yutqazsa yoki durang o‘ynasa va «Liverpul» g‘alaba qozonsa Yurgen Klopp shogirdlari chempionlikni nishonlashadi.

Agar «Liverpul» yutqazsa, «Siti» o‘z o‘zidan chempionga aylanadi.

Oxirgi tur arafasida «Siti» «Liverpul»ni bir ochkoga ortda qoldirmoqda. «Shaharliklar» oxirgi turni «Brayton» maydonida o‘tkazishadi, «qizillar» «Vulverhemton»ni qabul qilishadi. Agar «Liverpul» 4:4, 5:5 yoki undan yirikroq hisoblarda g‘alaba qozonsa, «Manchester Siti» esa 0:4, 1:5 yoki undan yirikroq hisoblarda yutqazsa shunday vaziyat yuzaga keladiki, ikki jamoada ham ochkolar soni ham, jamoalarning o‘rinlariga ta'sir ko‘rsatadigan boshqa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar (to‘plar nisbati) ham teng bo‘lib qoladi. Bunday holatda, reglamentga ko‘ra «oltin uchrashuv» o‘tkazilishi mumkin.

Top