15:40 / 12.05.2019
39468

Foto: Samarqandda chaqiruvga ketayotgan tez yordam avtomashinasini yuk mashinasi urib yubordi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugun, 12 may kuni tonggi soat 4:05 atrofida Toshkent – Nukus M-37 yo‘lining Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududidan o‘tgan 120-kilometrida «MAN» rusumli yuk avtomashinasi «Damas» rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasini urib yuborgan. Natijada tuman tibbiyot birlashmasi 3 nafar xodimi og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz muxbiriga xabar berishicha, ushbu hodisa Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi Boltali tez tibbiy yordam brigadasining 3 nafar xodimi tumandagi Dabusya mahallasida yashovchi homilador ayol M.K.ning murojaati asosida chaqiriqqa borayotgan vaqtda bo‘lgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Chaqiriqqa ketayotgan tez yordam mashinasi Toshkent – Nukus M-37 yo‘lining 120-kilometrida joylashgan yo‘lning qaytib olish qismidan qayrilib olayotgan vaqtda «MAN» yuk avtomashinasi kelib urilishi natijasida 1965 yilda tug‘ilgan shifokor I.A., 1986 yilda tug‘ilgan feldsher O.D., hamda 1977 yilda tug‘ilgan haydovchi E.U. og‘ir tan jarohati olgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Hozirda jabrlanganlar Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, shifokor nazoratiga olingan.

Top