23:19 / 12.05.2019
6966

Tsukerberg Facebook, WhatsApp va Instagram’ni bo‘lib yuborish haqidagi taklifga javob qaytardi

Foto: AP

Facebook rahbari Mark Tsukerberg kompaniya asoschilaridan biri Kris Xyuzning AQSh hukumatini Facebook “monopoliyasi”ga chek qo‘yish va Facebook ijtimoiy tarmog‘i, Instagram va WhatsApp messenjeri boshqaruvini bo‘lib yuborish chaqirig‘iga izoh berdi.

“U taklif qilayotgan narsa bu muammolarni hal qila olmaydi”, deb aytgan Tsukerberg. “Agar siz haqiqatan demokratiya va saylovlar haqida qayg‘urayotgan bo‘lsangiz, unda biz kabi kompaniyalar har yili saylovlarga aralashuvdan himoya vositalarini yaratishga milliardlab dollarlar ajratishlarini istaysiz”, deb qo‘shimcha qilgan Facebook rahbari.

Uning aytishicha, Facebook katta kompaniya ekanidan jamiyat uchun naflar bor. Misol uchun, kompaniyaning 2019 yilda xavfsizlikka ajratadigan budjeti bir necha yil avval birjaga chiqqanidan keyin olgan daromadidan ko‘proqni tashkil qiladi. Tsukerbergning ta'kidlashicha, bu kompaniya muvaffaqiyatli biznes olib borayotgani sababli mumkin bo‘lgan. 

Avvalroq Facebook’ni 2007 yilda tark etgan Xyuz The New York Times nashriga maqola yozib, unda Tsukerberg hukumat yoki xususiy sektordagi har qanday odamdan ko‘proq hokimiyatga egaligini aytgan.

Uning ta'kidlashicha, Tsukerbergga Facebook’ning ovoz berish huquqi bilan ta'minlangan 60 foiz aksiyasi tegishli, bu esa unga yangiliklarni berish, maxfiylik sozlanmalari va boshqa ko‘plab narsalarni tartibga soluvchi algoritmlarni o‘zgartirish bo‘yicha yakka holda qaror qabul qilish imkonini beradi. Xyuzning fikricha, Facebook, Instagram va WhatsApp alohida kompaniyalar bo‘lishi lozim, AQShga esa axborot texnologiyalari tarmog‘ini nazorat qiluvchi organ lozim.

Mavzuga oid
Top