8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

20:49 / 14.05.2019 3560

O‘zbekiston va Qirg‘iziston xavfsizlik kengashlari hamkorlik qilishga kelishishdi

14 may kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibiyati o‘rtasida ilk ikki tomonlama maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: UzA

Muzokaralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibi Damir Saginbayev raisligida o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Qirg‘iziston maslahatlashuvi mexanizmi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilikni bosqichma-bosqich, izchil rivojlantirishdek umumiy maqsadga xizmat qilishi, xalqlarimizning tinch-osoyishta hayot kechirishi, ular farovonligini ta'minlashga qaratilgani ta'kidlandi.

Foto: UzA

Bu kabi maslahatlashuvlarning o‘tkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xavfsizligi, barqarorligi va jadal rivojlanishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Tomonlar konstruktiv ruhdagi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga, xavfsizlik sohasidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini, jumladan, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash va amaliy harakatlarning ikki tomonlama aniq mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni yanada kengaytirishdagi intilishlari qat'iy ekanini bildirdi.

Maslahatlashuvlar davomida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda birgalikdagi sa'y-harakatlar mexanizmini yanada takomillashtirish, chegaralar xavfsizligini ta'minlash, umumiy davlat chegaralarida iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish, favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Foto: UzA

Tadbirda xavfsizlik sohasidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirishga doir tashabbus va tavsiyalar ishlab chiqildi. O‘zaro munosabatlarning ayni paytdagi o‘sish darajasini saqlab qolish va foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish orqali uni yanada oshirish muhimligi qayd etildi.

Maslahatlashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum, shuningdek, xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi protokol imzolandi.

Top