8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

16:55 / 14.05.2019 10544

Yetakchi. Van Deyk nega APLning eng zo‘r futbolchisi?

Foto: Getty Images

«Manchester Siti» Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi, lekin mavsumning asosiy individual sovrinlari «Liverpul» futbolchilariga nasib etdi. Premer-Liga to‘purarlariga beriladigan «Oltin butsa»ni 22tadan gol urgan uch futbolchi uchun ham berildi, «Arsenal» hujumchisi Per-Emerik Obameyangdan tashqari «Liverpul»ning ikki hujumchisi Muhammad Saloh va Sadio Mane qo‘lga kiritishdi. Eng ko‘p «quruq» o‘yin (21) o‘tkazgan Alisson Beker APLdagi ilk mavsumidayoq «Oltin qo‘lqop»ni yutib oldi.

Eng asosiy sovrin - «Mavsumning eng yaxshi futbolchisi» ham «Liverpul» a'zosiga nasib qildi. Niderlandiyalik himoyachi Virjiyl van Deyk APLning joriy mavsumidagi tengsiz futbolchisi deb tan olindi.

Angliyada mavsumning eng yaxshilarini bir necha marta aniqlashadi. Professional futbolchilar assotsiatsiyasi alohida, jurnalistlar alohida eng yaxshilarni taqdirlaydi. Premer-Liganing o‘zi esa klub sardorlari va ekspertlar ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazib, mavsum qahramonlarini aniqlaydi va aynan mana shu rasmiy mukofot hisoblanadi.

Professional futbolchilar assotsiatsiyasi ham van Deykni mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topgandi. Jurnalistlar esa o‘z sovrinlarini Rahim Sterlingga topshirishdi. APLning asosiy va rasmiy mukofoti uchun ham Sterling hamda van Deyk asosiy nomzod edi. Sterling ikki yildirki super o‘yin ko‘rsatib, jamoasining ketma-ket ikkinchi chempionligida katta hissa qo‘shdi, ammo nega van Deyk eng yaxshi deb topildi? Uning ustunligi nimada?

Avvalo bu mukofotni himoyalanadigan futbolchilardan kimlar qo‘lga kiritganiga e'tibor bersak. 2011/12 yilgi mavsumda «Manchester Siti» sardori Vensan Kompani, 2008/09 hamda 2010/11 yilgi mavsumda «MYu» vakili Nemanya Vidich, 2000/01 yilgi mavsumda esa «Arsenal»dan Patrik Viyeyra. Viyeyra himoyachi emas deyishingiz mumkin, lekin u tayanch zonasida asosan raqib hujumlarini buzish bilan shug‘ullanar va himoyadagilarning ishini yengil qilardi.

Anchadan buyon APLda van Deyk kabi kuchli himoyachi ko‘rinmayotgandi. Keling, Premer-Liganing oxirgi chempionlari va bu jamoalarning markaziy himoyachilariga bir ko‘z yugurtiramiz. «Manchester Siti» ikki mavsumdan buyon bosh sovrinni hech kimga bermayapti. Gvardiola jamoasining mudofaa markazida Vensan Kompani, Jon Stounz, Aymerik Laport, Nikolas Otamendi kabi futbolchilar o‘ynashdi. Bu futbochilar jamoasining chempionligida o‘z hissasini qo‘shgani bor gap, ammo ularning hech biri barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi.

Otamendi ortda qolgan mavsumni deyarli zaxirada o‘tkazdi. Jon Stounz bilan ham shunday bo‘ldi. Kompani yana qaytdi, lekin u ham oldingi kabi sport formasida emas. Birgina Laportning o‘yinini ishonchli deb atash mumkin edi, lekin mavsumning hal qiluvchi o‘yinida, YeChL yarimfinalida «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda o‘z jamoasiga ikkita gol urilishiga sabab bo‘ldi. Ichki chempionat o‘yinlarida ham mudofaa chizig‘ida van Deyk kabi butun jamoa himoyasini tartibga keltira olgani yo‘q. «Manchester Siti» o‘z o‘yinlarida himoyasining mustahkamligi evaziga emas, haddan tashqari ko‘p hujum qilishi, to‘xtovsiz pressing evaziga g‘alabalarga erishdi.

Kontening «Chelsi»si himoyada zo‘r o‘yin ko‘rsatgandi. Ammo italiyalik murabbiyning jamoasi aynan himoya chizig‘ining emas, jamoaviy himoyalanish evaziga chempion bo‘lgandi, desak xato bo‘lmaydi. Masalan, o‘sha mavsumning eng yaxshi futbolchisi N’Golo Kante bo‘lgandi. U tayanch yarim himoyasida ko‘p ish qilgandi. David Luis hamda Gari Keyxill kabi asosiy himoyachilar ko‘plab xatolari bilan ham yodda qolishgan.

«Lester»ning chempionlik mavsumida markaziy himoyada Robert Hut hamda Ues Morgan o‘ynagan. Ko‘rinishidan futbolchiga emas, og‘ir atletikachiga o‘xshaydigan bu yigitlar «tulkilar»ning mo‘jizali chempionligida ko‘p ish qilgandi, ammo ular o‘sha vaqtda APLning eng yaxshi himoyachilari o‘nligiga ham kirishmasdi.

Van Deyk nega eng yaxshi bo‘ldi degan savolga javob olish uchun nega Sterling eng yaxshi bo‘lmadi degan savolga javob berishning o‘zi kifoya. Rahim super mavsumni o‘tkazganini tan olgan holda aytish kerakki, unga o‘xshab o‘ynaydigan futbolchilar ko‘p. «Siti»ning o‘zida Sterling kabi chaqqonoyoq boshqa futbolchilar ham topiladi: Sane, Bernardu Silva, Foden. Ammo van Deyk kabi butun boshli jamoa himoyasini tartibga solgan futbolchilar dunyoning eng zo‘r ligasida ham ko‘p emas.

Van Deykning yana bir ustunligi shundaki, u mudofaadagi kamchiliklar sabab juda ko‘p o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan jamoaga kelib, himoyadagi pala-partishlikni epaqaga keltirdi. O‘tgan mavsumlarda juda ko‘p gol o‘tkazgan «Liverpul» bu mavsumda atigi 22ta gol qo‘yib yubordi va bu borada APLdagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Eng ko‘p «quruq» o‘yin ham (21ta) aynan «Liverpul»da. Bunda Alisson bilan birga van Deykning ham hissasi katta.

Van Deyk «Liverpul»ga o‘tgan mavsum avvalida kelganiga qaramay, jamoaga juda tez moslashdi. Bugun u klubning vitse-sardori. 1991 yilda tug‘ilgan futbolchi Niderlandiya milliy jamoasida ham sardor. Ba'zi futbolchilarda yetakchilik qobiliyati tug‘ma bo‘ladi. Masalan Fabregas 21 yoshida «Arsenal»da sardor edi. Bu mavsumdagi o‘yinlari sabab butun dunyodagi muxlislar yaxshi ko‘rib qolgan «Ayaks» sardori Matias De Ligt 19 yoshli yigitcha. Van Deykdagi yetakchilik xususiyati «Sauthempton»dayoq sezilgandi. Murabbiylar aynan mana shunday himoyachilarni qadrlashadi.

«Jin ursin, Virjiyl uchun 84 million to‘lashdimi?»

Van Deykning bolaligi oson kechmagan. Uning ba'zi xotiralari bilan o‘rtoqlashsak, zarar qilmas. Van Deykning otasi niderlandiyalik, onasi esa surinamlik. Himoyachi onasiga tortgani tashqi qiyofasidan ko‘rinadi. Futbolchining otasi uni onasi bilan tashlab ketgan, shu sabab futbolchi libosiga van Deyk deb yozishlarini istamaydi. Chunki bu otasining familiyasi. Shu bois uning libosida Virjiyl yozilgan.

Uning onasi politsiya ofitseri bo‘lib ishlagan. Ular Groningenda yashaganida bo‘lajak futbolchi futbol bilan shug‘ullanish uchun o‘zi pul topishga qaror qiladi. Shu maqsadda shahardagi fast-fud sotiladigan oshxonaga idish yuvuvchi bo‘lib ishga kiradi. U yerda oyiga 400 yevro atrofida pul ishlaydi: «Men oladigan pulimdan xursand edim, chunki bu pullar xarajatlarimga yetib turardi. Bundan tashqari, to‘ygunimcha makdonalds yeyishim va do‘stlarimni ham mehmon qilishim mumkin edi»,- deb eslaydi Virjiyl o‘sha damlarni.

Angliyalik jurnalistlar futbolchi 10 yoshida ishlagan o‘sha oshxonani topib borib, u yerning xo‘jayini Jak Lips bilan gaplashishdi. Oshxona egasi van Deyk 84 million yevro evaziga «Liverpul»ga o‘tganini eshitib, hayratda qoldi: «Jin ursin, bizda idish yuvib yurgan Virjiyl uchun 84 million yevro to‘lashdimi? Shoshmang, men bu raqamlarni takrorlab aytib ko‘rishim kerak. 84 million yevro-ya! Adashmasam, men unga oyiga 300 yevro berardim.

Virjiylni bu yerda hamma yaxshi ko‘rardi. Uning futbolchi bo‘lishni xohlashini bilardim. Katta futbolchini eshitganimda xursand bo‘ldim. Unga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmadim. Ishga qaytarmoqchi emasdim albatta (kuladi), shunchaki hol-ahvol so‘ramoqchi bo‘ldim. U haqda nima deya olaman? Ishga vaqtida kelardi, hatto tungi navbat almashishda ham kechikmasdi. Idishlarni toza yuvardi»,- deydi sobiq ishchisi haqida janob Lips.

Ko‘rdingizmi, bugun «Liverpul» himoyasini tartibga keltirgan Virjiyl yoshligidan tartibni yaxshi ko‘rgan: ishga vaqtida kelgan, idishlarni ham toza yuvgan. Uning hayotini yosh futbolchilarga o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin. Virjiylning otasi haqida ham gapirib o‘tish kerak. Ron van Deyk Niderlandiyada oddiy televizor ustasi bo‘lib ishlaydi. U o‘g‘lini futbolga olib borganini aytadi. Virjiyl «Liverpul»ga o‘tganida otasi Facebook’dagi sahifasida o‘g‘li bilan faxrlanishini yozadi.

Virjiyl «Sauthempton»da o‘ynab yurgan vaqtida otasini jamoasi o‘yiniga taklif qilgan, lekin Ron taklifni rad etgan. U Virjiyl otam pulim ko‘paygani uchun men bilan aloqani tikladi deb o‘ylashini xohlamagan. Futbolchining birinchi jamoasi «VDS’19» murabbiylari aynan otasi Virjiylni futbolga olib borganini eslashadi. Darvoqe, «Sauthempton»da o‘ynab yurgan vaqtida Virjiyl birinchi jamoasidagi murabbiylariga minnatdorchilik bildirish uchun borib, 3 kun bolalar jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazgan. Bolalarga o‘zining Niderlandiya milliy jamoasidagi libosini sovg‘a qilgan. Ana shunaqa gaplar.

Van Deykning bu mavsumdagi bir harakati muxlislarni himoyalanishni ham yaxshi ko‘rishga undagan bo‘lsa kerak. Esingizda bo‘lsa, «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda van Deyk birdaniga ikki futbolchini «yopgandi». Sissoko va Son Xyon Min darvoza tomon katta tezlikda borayotganida Virjiyl ularning qarshisiga chiqdi va ikkalasiga ham birdaniga to‘sqinlik qildi. Oqibatda «Tottenhem» futbolchilari gol ura olishmadi.

«Uotford» hujumchisi Troy Dini «Liverpul» bilan o‘yindan so‘ng shunday degandi: «Virjiylga qarshi o‘ynash qiyin, u juda katta». Ha, futbol faqat hujum qilish, gollar urishdan iborat emas. Himoya ham futbolning ajralmas qismi. Van Deykning «Tottenhem»ga qarshi o‘yindagi harakatlarini hali ko‘p vaqt eslab yuramiz. Har bir chiziqning yulduzlari bo‘lishi futbolni to‘liqroq anglashga yordam beradi. Xullas, ko‘z o‘ngimizda yana bir super himoyachi va yetakchining paydo bo‘lganidan xursand bo‘lsak arziydi, shunday emasmi?

O‘tkir Jalolxonov

Top