8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

09:50 / 15.05.2019 54879

«Fermerning yugurgani emas, hokimbuvaning buyurgani»: Past Darg‘omda hokim minglab gektar yerlarni «do‘sti»ga olib bermoqdami?

Past Darg‘om tumaniga Shunqor Xudoyberdiyev hokim etib tayinlangandan so‘ng tahririyatimizga ushbu tumandan fermerlar va tadbirkorlarning murojaatlari keskin ko‘paydi. Ularning barchasi tuman rahbari tomonidan tanish-bilishchilikka keng yo‘l ochilgani, buning ortidan normativ-huquqiy hujjatlarga bepisand qaralib, tadbirkorlar va fermerlarning huquqi toptalayotganidan yozg‘irishmoqda.

Masalan, Ra'no Berdiyevani olaylik. U — Past Darg‘om tumanidagi «Alisher Rayhon bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari. Uch yil muqaddam yaxshi niyatlar bilan fermer xo‘jaligi tashkil etib, 2 gektar joyda bog‘ barpo etgan. Yarimpakana intensiv bog‘ joriy yildan hosilga kira boshladi. Bungacha hali hosilga kirmagan bog‘i nomidan bozordan meva-cheva sotib olib, turli yarmarkalarda qatnashgani, pilla boqib davlatga topshirib kelganini aytib o‘tdi.

Biroq tuman hokimligi endi bu bog‘ni yaroqsiz, deb topmoqda. Tan olish kerak, bog‘ qator oralari mehr bilan parvarish qilingan. Birorta bo‘sh joy ko‘rmaysiz. Yaroqsizligi aniq, biroq teginilmayotgan bog‘lar Past Darg‘omda anchagina. Lekin nimagadir aynan mana shu atrofdagi bog‘lar yaroqsiz, deb topilmoqda.

Hukumatning shu yilgi qaroriga ko‘ra, yer maydonlarini maqbullashtirish bahonasida shu va shu hududdagi boshqa bog‘lar Hamza Hojimamatov boshliq «Chortut» fermer xo‘jaligiga birlashtirilmoqda. Endigina hosilga kirgan bog‘lar va uzumzorlar buzilib, bo‘shagan yerlarga chorvachilikka ixtisoslashgan «Chortut» fermer xo‘jaligi paxta ekar emish.

Eng qizig‘i, garchi, bog‘bonlar yerni «Chortut» fermer xo‘jaligiga topshirish uchun rozilik arizasi berishmagan bo‘lsa ham, tuman hokimining qarorida aynan shunday qilingani aks etgan. Holbuki, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning aksariyati o‘zlarining bog‘larini «Alisher Rayhon bog‘i» fermer xo‘jaligiga qo‘shish uchun ariza yozishgan.

Agar ularga tegishli bog‘lar «Alisher Rayhon bog‘i» fermer xo‘jaligiga qo‘shilsa, bog‘larning umumiy maydoni 10 gektardan ortadi va hukumat qaroriga mos tushadi. Biroq tuman hokimligi fermerlarning arizasini inobatga olmasdan yerlarni shunchaki Hamza Hojimamatov boshchiligidagi «Chortut» fermer xo‘jaligiga birlashtirmoqda.

Mahalliy aholi fermer Hamza Hojimamatov va tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning do‘sti ekanligini va hokim hech qachon do‘stidan voz kechib, bir begona ayolga yerni berib qo‘ymasligini pisanda qilishmoqda.

Balki bunga ishonish mumkindir. Chunki tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev nafaqat bu yerlarni, maqbullashtirish asnosida boshqa fermerlardan zaxiraga olingan boshqa yerlarni ham qo‘shganda, 2200 gektardan ziyod yerni Hamza Hojimamatov rahbarlik qilayotgan «Chortut» fermer xo‘jaligiga berish haqidagi qarorga imzo chekkan.

Kun.uz muxbiri tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev bilan suhbatlashgan chog‘da u Hamza Hojimamatov «yetuk fermer ekanligi»ni ta'kidlab, uni bu ishlarga ko‘ndirish uchun «bor san'atini» ishga solganini ma'lum qilgan edi.

U va tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev shu vaqtgacha tumanda qishloq xo‘jaligi uchun yerlar noto‘g‘ri taqsimlab kelinganini ta'kidlashib, tumanda qishloq xo‘jaligi sohasi butunlay izdan chiqib, davlat shartnomaviy rejalarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini, shu sababli qishloq xo‘jaligi yerlari qaytadan maqbullashtirilayotganini, shu yo‘l bilan tumanda bu borada tartib o‘rnatilayotganini bildirishgan edi.

Fermerlarning yerni topshirish uchun roziligi olinmasdan, biroq «roziligi olindi» degan soxta arizalar bilan maqbullashtirish to‘g‘risida tuman hokimi qarori chiqarib yuborilayotganini esa H.Bo‘riyev Kun.uz muxbiriga «tezroq paxtani ekish kerak, bu fermerlar qachon yerni topshirarkan, deb kutib o‘tirishga, ularning ketidan bitta-bitta yugurishga vaqt bormi?» deya tushuntirgan.

Ra'no Berdiyeva 13 fevral kuni viloyat hokimi sayyor qabulida Erkinjon Turdimovga murojaat qilgan, viloyat hokimi uni tinglagan, mutasaddilarga «opaning bog‘ini qaytaringlar», degan va masalasini hal etish uchun sektor rahbari — tuman prokuroriga topshiriq bergan. Biroq topshiriq shu paytgacha bajarilmagan.

Fermerning ma'lum qilishicha, u ayni masalada so‘nggi marta tuman hokimi oldiga borganida hokim «yana shu masalada oldimga kelsangiz, bog‘ga «Magnum» traktor solib haydab tashlayman», degan.

Past Darg‘omga murojaatlarni o‘rganish uchun borganimizda yerli aholi, mehnatkashlar fermer Hamza Hojimamatov o‘z yerlarida odamlarni gektariga bor-yo‘g‘i 20 ming so‘m oylik bilan ishlatayotganini va hattoki shu pulni ham bermasdan odamlarni sarson-u sargardon qilayotgani haqida gapirib berishdi.

Vaziyat modomiki shunday ekan, ular ter to‘kib qilgan mehnati uchun haq olmasa, biror foyda qilishmasa qaysi yo‘l qoladi? Albatta, Rossiya yoki boshqa chet davlatga ishlashga ketishadi. Bu esa Prezidentning «ko‘proq ishchi o‘rin yaratinglar, ko‘proq yoshlarni ish bilan ta'minlanglar», degan siyosatiga zid, albatta.

Har bir rahbar xalq bilan birga bo‘lishi respublika siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir paytda Past Darg‘om tuman hokimligi binosi baland panjaralar bilan ihotalab olingan. Binoga kirish qiyinligidan biror fuqaro hokim bilan yuzma-yuz bo‘lib dardini ayta olmaydi.

Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida rahbarlar xalqning dardiga quloq tutishi kerakligini bot-bot takrorlab keladi. Butun bir yil xalq bilan muloqot masalalariga bag‘ishlandi, xalq qabulxonalari ochildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham respublika rahbarlari ichra xalq bilan muloqot qilish, sayyor qabul o‘tkazish masalalarida o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Viloyat hokimining o‘zi matbuotdagi eng rezonansli masalalarga shaxsan e'tibor qaratib, masalani adolatli hal qilishga kuchlarni safarbar qilmoqda.

Past Darg‘omda esa bundan o‘rnak olinmay, ishlar eskichasiga tashkil qilinmoqda va hozircha hech kim ularning mushugini «pisht» deya olmayapti.

Nima ham derdik: Past Darg‘omdan kelayotgan murojaatlar hali juda ko‘p. Biz ularni navbati bilan e'lon qilishda davom etaveramiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Top