8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

03:03 / 15.05.2019 3542

Germaniya O‘zbekistonga infratuzilmani rivojlantirish va atrof-muhit muhofazasiga oid masalalarni ko‘rib chiqishni taklif qildi

Germaniya hukumati O‘zbekistonga atrof-muhit muhofazasi hamda infratuzilmani rivojlantirishga doir loyihalarni birgalikda ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Prezident Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ham atrof-muhitni muhofaza qilishga oid masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Kun.uz muxbiri Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligining Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilish bo‘limi direktori, doktor Yurgen Kaynxorstning Berlindagi uchrashuv doirasida aytgan so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"Atrof-muhit va iqlim muhofazasi mavzusida xalqaro aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish juda muhim ahamiyatga ega, albatta. So‘nggi 10 yilda iqlim sharoitlari va atrof-muhit muhofazasi mavzusiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bunday yuqori e'tiborga barchamiz guvohi bo‘layotgan iqlimning sezilarli darajada o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, elektr energiya manbalaridan foydalanish va ularning oqibatlari masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi", - dedi u Berlinda OAV, NNT va davlat idoralari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda.

Yurgen Kaynxorstning so‘zlariga ko‘ra, bugunga kelib Markaziy Osiyo aholisi ham iqlim o‘zgarishi oqibatlarini sezmoqda. Bu eng avvalo misli ko‘rilmagan harorat o‘zgarishi misolida namoyon bo‘lmoqda. Haroratning bunday yuqorilashi qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda fojiaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

"Sizning mintaqangiz o‘z tog‘lari bilan mashhur va siz, ehtimol, tog‘ cho‘qqilaridagi muzliklar hajmining sezilarli darajada qisqarishi va erishini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Iqlimning bunday o‘zgarishlarining oldini olish va bu borada qayg‘urish biz va boshqa mamlakatlarning burchiga kiradi. Germaniya tomon buning uchun mas'uliyatni his qilib, bu yo‘lda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma'lum qiladi. Mazkur masalalar yechimini topishga oid takliflar kiritish idoramizning vazifasiga kiradi. Biz imkon qadar ushbu dasturlarni amalga oshirishga yordam beramiz va shu bois ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga e'tibor qaratamiz", - dedi Kaynxorst.

Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, prezident Shtaynmayyer yaqin orada O‘zbekistonga tashrif buyuradi va ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida atrof-muhit muhofazasiga oid masalalar muhokama qilinadi.

Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligi O‘zbekiston rahbariyati bilan doim yaxshi munosabatlarda bo‘lgan va tomonlar turli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishgan.

  1. Tuproqni eroziyadan himoyalashga doir loyiha. Uncha katta bo‘lmagan budjetga ega loyiha tog‘li hududlarda amalga oshirilgan va tuproqni eroziyadan himoyalashga yo‘naltirilgan. "Qishloq xo‘jaligi sektoriga yordam ko‘rsatish biz uchun muhim ahamiyatga ega va bu atrof-muhit muhofazasi uchun katta hissa demakdir. Hatto kichik loyihalarni amalga oshirish ham katta ta'sirga ega bo‘lishi mumkin", - dedi Kaynxorst.
     
  2. Oazislarda bioxilma-xillikni saqlab qolishga doir loyiha. Bu loyiha daraxt va butalarni saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi, zero O‘zbekistonda daraxt va butalarning muayyan navlari mavjud. "Gap ma'lum bir oazislar haqida bormoqda, chunki sovuq cho‘llar bilan bir qatorda jazirama cho‘llar ham bor. O‘zbekistondagi cho‘llar yetarlicha issiq va bu mazkur masalalar bo‘yicha pilot loyihani yo‘lga qo‘yish uchun ayni muddaodir", - deya izohlaydi u. 
     
  3. O‘rmonlarni saqlab qolishga doir loyiha. Bu loyiha Amudaryo bilan bog‘liq. "Nafaqat daryo suvlarining kamayishi, balki suv resurslaridan tobora ko‘proq foydalanishning oqibatlari ham o‘rmonlaringizning yo‘qolish xavfini keltirib chiqarishi mumkin. Biz sizga hozircha saqlab qolish mumkin bo‘lgan resurslarni saqlashda yordam berishga harakat qilyapmiz. Germaniya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi davomida ushbu masalaning ham muhokama qilinishi kutilmoqda", - deydi u.
     
  4. O‘zbekiston infratuzilmasini rivojlantirishga doir loyiha. Germaniya O‘zbekistonga infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari bo‘yicha maslahatlar berishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqchi. "Shaharlar, jumladan, yo‘llar infratuzilmasini rivojlantirish, hududiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish ham bizning vazifamizga kiradi. Germaniya ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bu har qanday mamlakat rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Biz, o‘z tomonimizdan sizlarga infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari bo‘yicha maslahatlarimizni taklif qilmoqchimiz. Bu maslahatlar kelgusida nafaqat ekologik nuqtai nazardan, balki sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ham foyda keltirishi shubhasiz", - qo‘shimcha qildi Kaynxorst.

Yurgen Kaynxorstning ta'kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyatining ochiq siyosati natijasida mazkur yo‘nalishlardagi ishlarda ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.

"Yakuniy qarorni qabul qilish hukumatingiz diqqatiga havola, albatta, biz esa, o‘z tomonimizdan hamkorlikka tayyor ekanligimizni ma'lum qilib, sizlarga ushbu masalalar bo‘yicha loyihalarni birgalikda ko‘rib chiqishni taklif qilamiz, bu borada o‘zaro tajriba almashishdan manfaatdormiz", - dedi u.

Ta'kidlash joizki, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat idoralari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga amalga oshirgan study-tour'i "UzWaterAware" loyihasi doirasida tashkil etilgan. Loyiha Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM - CAREC) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning milliy hamkori - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi.

Top