8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

19:27 / 15.05.2019 13966

Oliy sud raisi: «Sudyalarimizning oyog‘i yerdan uzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish» mavzusida jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Oliy sud raisi Kozimjon Komilov nutq qilgan.

«Avvalari bizning eshiklar jurnalistlar uchun yopiq edi. Buning yashiradigan joyi yo‘q. Sud sohasidagi islohotlar bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatish uchun sizlarni chaqirdik. To‘g‘risini aytish kerak, matbuot xizmatlari masalasida bizda kamchiliklar mavjud. Viloyatlarda matbuot xizmatlari yo‘q. 57ta viloyat, 607ta tuman va shahar sudlari mavjud. Ochig‘i, so‘nggi bir yilda qilingan ishlar beqiyos. Jurnalistlarning sudlarga kirishiga to‘sqinliklar olib tashlandi. Asosiy masala sudda tartib-qoida buzilmasligidir. Sudya protsess olib borayotganda jurnalistlar sudning ichki qoidalariga rioya etishi kerak. Prezident qarorlaridan so‘ng, oshkoralik yanada oshirila boshlandi. Brifing degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Bizda ishlarning 40 foizi sayyor sudlarda ko‘rilmoqda. Ochiqlik masalasiga kelsak, shanba kuni – Oliy sudda ochiq eshiklar kuni.

Hozir eng katta masala – xalqimizning huquqiy ongini oshirish. Bu juda og‘ir kechyapti. Ikki masala bizni qiynamoqda: berilayotgan materiallarning haqqoniyligi va hali kuchga kirmagan qaror yoki hukmni tarqatish. Bunga kimning haqqi bor. Andijonda mudhish, juda ham og‘ir jinoyat sodir etilgandi. Bu bir oila va jamiyat fojiasi. Sizlarning yozishingizga, kamchiliklarni ko‘rsatishingizga hech qarshilik yo‘q. Lekin huquqiy masalalarda jurnalistlarimizga yetarli bilimlar kerak. Shu paytgacha hech qaysi tashkilotdan «mutaxassislarimni o‘qitib bering» deydigani topilmadi.

Sud majlisida jurnalistlar ishtiroki bo‘yicha Nizom ishlab chiqsak, bu noto‘g‘ri bo‘lar ekan. Nizom bu faqat bir tashkilot uchun bo‘ladi. Bizda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida» va «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar mavjud. Bularning hammasini ko‘rib chiqib, isloh qilsak va umumlashtirib jurnalistlarga bersak to‘g‘ri bo‘ladi.

Hozir qonunlar o‘rganib chiqib, ular ustida ishlar ketmoqda. Qaysi qonun ishlamoqda, qaysilari yo‘q ko‘rib chiqyapmiz.

Sudyalarning hammasi ham qo‘ngildagidek deb ayta olmayman. Sud'yalarimizlarning oyog‘i yerdan uzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ular ochiq va samimiy bo‘lishi kerak. Biz nafaqat jurnalistlarni, sudyalarni ham o‘qitishimiz kerak ekan. Jurnalistik qonun-qoidalarni o‘rgatishimiz kerak.

Bizning sohada har kuni o‘qish kerak. Aytishadi-ku, yurist va shifokor doim o‘qishi kerak. Inson taqdirini hal qilish oson emas. 17 yil mobaynida Oliy sud ish ko‘rmagan. Ishlar viloyatda, tumanda ko‘rilgan. Mana eshiklar ochildi. Agar bir yilda 50 mingta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 17 yil ichida salkam 900 mingga yaqin ish ko‘rilgan bo‘ladi. Shuning 10 foizi kelsa, ular bilan ishlash qanaqa bo‘ladi bilasizmi?

Sayyor sudlarda endi biz sifatga e'tibor qaratishni boshladik. Hali ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Masalan, sayyor sudda bir otaxon keldi. O‘g‘li bilan kelini janjallashgan. Natijada er xotinni urgan. U sudlanib qolgan. Ma'lum vaqt o‘tib, ular yarashishmoqda, lekin sudlangan holati saqlanib qolmoqda. Sudlanganlik olib tashlansa oila yanada mustahkam bo‘ladi. Bo‘lmasa, er xotiniga har kuni malomat qilishi mumkin-ku? Bizda yarashuv instituti faqat birinchi instansiyada saqlanib qolmoqda. Apellyatsiya va kassatsiyada bu institut yo‘q. Yana bir holat: qonunda eng kichik jazo bu jarima. 90dan ortiq moddada buni qo‘llash mumkin ekan. Masalan, bir maktab direktori butun umr halol ishlagan. Lekin, 50 million so‘mni noto‘g‘ri ishlatgan. Yeb ketish boshqa, noto‘g‘ri ishlatgan boshqa. Sayyor sudda shunday odamlar kelsa yordam berolmaymiz. Qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi. Agar zararni qoplasa va jarimaning ma'lum qismini to‘lasa, jazodan ozod etiladi va ertaga bu xatoni qilmaydi», deya Oliy sud raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top