16:42 / 17.05.2019
63710

Turkiyalik yuk tashuvchilar qariyb bir oydan buyon O‘zbekistondan Turkmanistonga o‘tolmay cho‘lda yashashga majbur bo‘lishmoqda

Turkiyaning 100ga yaqin yuk mashinalari qariyb bir oydan buyon O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasida to‘xtab turibdi.

Xabarlarga ko‘ra, Tojikistondan yuk olib ortga qaytayotgan turkiyalik haydovchilar Turkmaniston chegarasidan o‘ta olmayapti. Bu holat Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat tufayli yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston rasmiylari ham, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi ham bu masalada hech qanday yordam bera olmasligini bildirgan. Haydovchilaridan biri Heybet Altekinning so‘zlariga ko‘ra, ular masala yuzasidan elchixonaga murojaat etishgan. Biroq elchixona vakillari ham chorasiz ekanliklarini bildirishgan.

«Biz mana 26 kundirki, O‘zbekiston cho‘llarida och, chorasiz holatdamiz. Turkiya hukumati bunga loqaydlik bilan qarashadimi? Biz bu yerda kasalliklar va ilonlar bilan kurashmoqdamiz. Barcha mutasaddilarga murojaat qilamanki, bizni bu cho‘llarda kimsasiz tashlab qo‘yasizlarmi? Eronning ham shunday 3ta yuk mashinasi qolib ketgan edi. Eron elchixonasi o‘rtaga tushdi va masala darrov hal etildi. Yuk tashuvchilarni olib chiqib ketishdi. Biz esa yaqin 30 kundirki shu yerdamiz», deydi turkiyalik haydovchi.

Kun.uz masala yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan bog‘landi.

«Navbatda turgan yuk mashinalari mavjud. Lekin chegarada yuzlab mashina emas, 50ga yaqin mashina to‘plangan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi masala bo‘lib, O‘zbekiston tomonining bu masalaga bog‘liqligi yo‘q. Ikki davlat o‘rtasida nima bo‘lgani bizga qorong‘i», deyiladi manba ma'lumotida.

Transport agentligi bilan ushbu masala yuzasidan bog‘lanib javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Turkiya elchixonasi matbuot xizmati ham izoh berdi: «Turkmaniston chegarasidan o‘ta olmayotgan turkiyalik yuk tashuvchilarga avval ham tushuntirilgan. Ya'ni, ularning holatida Qozog‘iston chegarasi orqali o‘tish tavsiya etilgan. Bu holatda bizga emas, Turkmaniston Respublikasidagi Turkiya elchixonasiga murojaat etishlari lozim».

Turkiya saytlarida keltirilgan murojaatda yuk tashuvchilardan biri Jihan Tunchning so‘zlari keltirilgan.

«O‘zbekiston mas'ullari bilan bu masalada gaplashdik, ammo masala O‘zbekiston tarafiga bog‘liq bo‘lmagani uchun yordam berolmasliklarini aytishdi. Tojikistonga qatnash Turkmaniston yo‘liga muqobil variant  sifatida Qozog‘iston yo‘lini ham ko‘rib chiqdik. Qozog‘istondagi viza muammosi, bu davlat 22 tonnadan ortiq yuki bo‘lgan mashinalarni qabul qilmasligi va ortiqcha pul talab qilinishi kabi jihatlar tufayli u yo‘ldan voz kechilgandi. Hamkor firmalar bilan ham muloqot qilindi va afsuski ular ham bu masalada ojizliklarini aytishdi. Har kuni sahroda 3-4 ilon o‘ldiramiz. Gigiyenik ahvol yomon», deydi turkiyalik haydovchi.

Top