8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

00:37 / 18.05.2019 3533

Qozog‘iston innovatsion loyihalarga qariyb 40 million dollar investitsiya kiritdi. Iqtisodiyot bundan 578 million dollar foyda ko‘rgan

Qozog‘iston hukumati 2018 yilda innovatsion loyihalarga jami 37.3 mln.AQSh dollari sarfladi. Birgina IT-startaplarga 4 mln.AQSh dollari ajratildi. Bundan milliy iqtisodiyotga 578 mln.AQSh dollari miqdorida foyda keldi. Bu haqda Internetni boshqarish bo‘yicha 4-Markaziy Osiyo forumida qozog‘istonlik ekspert Kamila Amrjan o‘z nutqida keltirib o‘tdi.

«Respublikada innovatsion tizimni yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha «Raqamli Qozog‘iston»  davlat dasturi ishlab chiqildi. Unda asosan inson kapitalini rivojlantirish,to‘liq elektron hukumat tizimiga o‘tish kabi muhim vazifalar belgilangan. Malakali IT-mutaxassiclar tayyorlashga alohida e'tibor berilmoqda. 2017-2018 yillarda 22.8 ming nafar kadr yetishib chiqdi. «Elektron hukumat»  bo‘yicha esa salkam 8 mln. aholi o‘qitildi. Innovatsion startaplarni ishlab chiqishga mo‘ljallangan alohida markaz – ASTANA XAB ochildi. 2018 yil 6 noyabrda faoliyatini boshlagan muassasadagi loyihalarga 480 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Elektron hukumat jabhasi haqida gapirilganda, 2018 yilda davlat xizmatlarining 67.3 foizi (752 tadan 506 tasi) elektron tarzda amalga oshirildi. Buning natijasida xizmatlar muddati 40 foizga kamaydi. 2019 yilda davlat xizmatlarining 80 foizi elektronlashtiriladi. Ayni vaqtda 8.4 mln. aholi eGov portalidan foydalanib kelmoqda. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, AKTda 42 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi» , - deya axborot berdi.

Forumda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa mamlakatlaridan 200 ga yaqin mutaxassislar qatnashdi. Unda internetni boshqarishda mustahkam qonunchilik bazasini yaratish, elektron hukumat tizimida fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari xavfsizligi va boshqa muhim masalalar muhokama etildi. Xorijlik ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlari kiber xavfsizlikni ta'minlashda ancha sust harakat qilayotganligini alohida ta'kidlashdi.

Internetni boshqarish bo‘yicha 4-Markaziy Osiyo forumi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, YeXHTning O‘zbekistondagi ofisi va Qirg‘iziston Respublikasining «Internet siyosatining fuqarolik tashabbusi»  jamoat fondi, ICAAN, Internet Society, RIPE NCC, Facebook, Kasperskiy laboratoriyasi, IGFSA, UZTELECOM hamkorligida Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘tkazildi.

Top