8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

15:02 / 18.05.2019 12273

Sayyorani qutqarish yo‘lida butunlay o‘zgargan 11 ta shahar

Antarktidadagi muzliklar qanchalik tez erigani sayin odamlar ekologiya, havoning ifloslanishi va global isish haqida tobora ko‘proq bosh qotirishmoqda. Olimlar havoning sifati chekishga qaraganda ko‘proq odamni o‘ldirishini aytishmoqda. Shuning uchun shaharlar ma'muriyati hayotning boshqa sur'atiga moslashishga ulgurish va bunga aholini ham o‘rgatishga intilmoqda.

Biz o‘zgarishga bel bog‘lagan va o‘z natijalarini ko‘rsatishga shay bo‘lgan shaharlarni o‘rgandik. Ular orasida toza havo yo‘lida ilk qadam qo‘yayotganlari ham bor.

Osloda avtoulov to‘xtash joylari velosiped yo‘llariga aylantirilgan

Foto: © WOJTEK SZWEJ / Eastnews

Oslo markazida ko‘chalardagi to‘xtash joylari velosiped yo‘lakchalari, o‘rindiqlar va shinam bog‘larga aylantirildi. 2019 yilning boshida shaharda yana 700 ta to‘xtash joylarini olib tashlash jarayonlari tugatildi. Urbanistlar esa elektromobillar uchun quvvat oldirish stansiyalarini qurishdi va nogiron-haydovchilar uchun to‘xtash joylari sonini ko‘paytirdilar.

Buenos-Ayreshukumati piyoda va velosipedchilar xavfsizligi uchun yo‘llarga gullar qo‘yadi

Foto: © Fastcompany

Ilgari 20 ta harakatlanish chizig‘iga ega bo‘lgan Buenos-Ayresdagi ulkan ko‘cha bugun faqat avtobuslar bilan band. Shaharda o‘zgarishlar yuz berganidan so‘ng aholining ishga borish uchun sarflaydigan vaqti keskin kamaydi.

100 ga yaqin kvartallarni avtomobillardan bo‘shatish va ularni piyodalar hududlariga aylantirishga erishildi.

Bundan tashqari,shaharning gavjum yo‘l kesishmalariga yorqin belgilar o‘rnatiladi va ular piyoda hamda velosipedchilar uchun maksimal darajada xavfsiz bo‘lishi uchun gullar solingan idishlar o‘rnatildi. Shu tariqa hukumat odamlar to‘planadigan tayyor bitgan joylarda arzon ta'mirlash usuli, ya'ni taktik urbanizm usulidan foydalandi.

London yurish qismini piyodalar foydasiga qisqartirmoqda

Foto: Instagram/london.picturebook

2003 yilda London hukumati tirbandlik vaqtida shaharga chiqish uchun to‘lovni yo‘lga qo‘ydi. 2010 yilda gavjum magistrallarda ilk velosiped supermagistrallari ochila boshlandi. 2019 yilda esa havo sifatini yaxshilash va chiqindilarning nol darajasiga ega avtomobillarga o‘tish orqali shovqinni kamaytirish bo‘yicha yangi transport strategiyasining ishlab chiqilishi yakunlandi.

Aholi sonining ortishi bilan bog‘liq havoning ifloslanish muammosini yengish uchun shaharda maxsus reja ishlab chiqilgan. Uning mohiyati ko‘chalarning yarmini avtomobil harakatidan ozod qilish, transport esa piyodaga yo‘l bo‘shatishi va soatiga 15 mil tezlikdan oshmagan holda yurishidan iborat. Asosiy ko‘chalarning ko‘pchiligida himoyalangan veloyo‘llar qurish rejalashtirilgan.

Seul 2020 yilgacha «zararli» avtoulovlardan butunlay xalos bo‘lishni rejalashtirmoqda

Foto: © Depositphotos

2017 yilda Seul Nyu-Yorkdagi High Line (yerosti bog‘i) kabi avtomagistralni piyoda yo‘li ko‘rinishida qayta tashkil etishni yakunladi. 10 milliondan ortiq kishi bu yangilikdan foydalanishga ulgurdi. Bu yangilik sabab bog‘ hududida biznes yo‘lga tushdi: savdolar 42 foizga ortdi.

2025 yilga kelib shahar hukumati 3 mingta elektr avtobuslarni ishga tushirish, shuningdek, ularning marshrutlarini yaxshilashni rejalashtirmoqda.

Madrid o‘zining markaziy tumanini transportdan ozod etdi

Foto: © Depositphotos

Agar Madrid markazida yashamasangiz, u yerga shaxsiy avtoulovingizda borolmasligingiz ehtimoli katta. 2018 yilning noyabr oyida shaharning markaziy qismida atrof-muhitni ifloslantiradigan transportda yurish bo‘yicha cheklovlar belgilana boshlandi. Qonunlar ishga tushgach, yo‘ldagi harakat 32 foizga kamaydi, bu juda tez sodir bo‘ldi.

«Chiqindilar darajasi past hududlar» loyihasi poytaxt markazidagi havoni tozalash maqsadida ishlab chiqilgan. Muvaffaqiyatdan ishti yoq olgan Ispaniya hukumati boshqa shahar markazlarida ham chiqindilarning nol darajasiga ega bo‘lmagan har qanday transport vositalari harakatini ma'n etishni taklif etdi.

Pekinda avtoulovlar haftaning muayyan kunlaridagina yura oladi

Foto: © Depositphotos

Pekinda haydovchilarga o‘zlarining «zararli» avtoulovlarida yurishga ruxsat berilsa ham, ular yurish vaqti va raqami bilan cheklangan. Agar u muayyan raqam bilan yakunlansa, mashinani haftaning muayyan kunidagina boshqarish mumkin. Shahar ma'muriyati o‘ziga belgilangan kunda avtoulovni haydamaslikni ma'qul ko‘rgan kishilarga kichik moliyaviy rag‘bat ham taklif etadi. Yangi tumanlarda esa hukumat elektrokarlardan tashqari har qanday xususiy avtoulovlarni ma'n etishga qaror qilgan.

Parijdagi gavjum trassa piyodalar hududiga aylantirildi

Foto: Instagram/corner_plr

2017 yilda Sena yaqinidagi trassa piyodalar yo‘li va avtoulovlarsiz bog‘ga aylantirildi. Bu avtoulovlar harakatini kamaytirish orqali ifloslanishni kamaytirish borasida shahar tomonidan olib borilayotgan doimiy ishning bir bosqichi. Shuningdek, ish kunlarida atrof-muhitni ifloslantiruvchi eski avtoulovlarda chiqish bo‘yicha ham cheklovlar mavjud. 2024 yilga kelib hukumat  dizelda yuruvchi avtoulovlarni, 2030 yilga kelib esa gazda yuradiganlarini to‘liq ma'n etishni rejalashtirgan.

Hindiston 2024 yilga kelib butunlay elektromobillarga o‘tadi

Foto: © Depositphotos

Yaqin-yaqingacha Chennay shahrining gavjum ko‘chalarida sayr va shoping ko‘plab avtoulovlar va avtorikshalarni ko‘zda tutardi. Biroq hozirda bu tuman piyodalar yo‘lagiga aylanmoqda. Uning qurilishi 2019 yilda yakunlanadi. Shuningdek, Hindiston hukumati 2030 yilga kelib barcha avtoulovlar elektrda ishlaydigan bo‘lishi lozimligini e'lon qilgan.

Kopengagen velosipedchilar uchun supermagistral yaratadi

Foto: Instagram/antonavkhach

Bugun Kopengagen aholisining yarmidan ko‘pi ishga velosipedda boradi. Piyodalar hududini yaratish bo‘yicha Daniya dasturi 1960-yillarda boshlangan. Bugungi kunga kelib, mazkur mamlakatda 200 mildan ortiq velosiped uchun yo‘llar mavjud. Yevropadagi avtoulovlarga egalik qilish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich ham Daniyada. Mazkur loyihaning so‘nggi bosqichi barcha shahar chekkasi hududlarini o‘z ichiga olgan velosipedchilar uchun supermagistralni yotqizishdan iborat edi. Rejalashtirilgan 28 ta marshrutdan birinchisi 2014 yilda ochilgan, ya'ni 11 tasi 2018 yilda yakunlangan. 2025 yilga kelib shaharni ugleroddan to‘liq neytral qilish rejalashtirilmoqda.

Berlinda avtoulovlar uchun mo‘ljallangan yo‘lning bir qismi bo‘lmagan velomagistral quriladi

Foto: © Plataformaarquitectura.cl

2017 yilda Berlin atrof-muhit, transport va iqlimni himoya qilish departamenti buyurtmasiga ko‘ra tadqiqot o‘tkazilgan. Uning natijasida 12 ta avtomobil magistrallari velomagistrallar ko‘rinishida qayta jihozlangan. Bu xavfsiz yurish uchun sharoit yaratishga shahardagi ilk intilish edi. Hukumatning asosiy maqsadi 2025 yilga kelib yo‘llardagi velosipedlar sonini 2,4 milliontagacha oshirish.

Gruziya polietilenni ishlab chiqarish va undan foydalanishdan butunlay voz kechmoqda

Foto: © Waste4ME_BV / Twitter

2019 yilning aprel oyida Gruziya Atrof-muhitni himoya qilish vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi polietilen xaltalarni ishlab chiqarish, foydalanish va ularning importini taqiqladi. U kam vaqt davomida yo‘qoladigan va kamroq zarar keltiradigan biochiriydigan xaltalardan foydalanishni taklif etmoqda. Agar kimdir taqiqni buzsa, huquqni himoya qilish organlari vakillari dastlab ogohlantirish bilan cheklanishadi. Agar tadbirkor bu sohada ishlashni davom ettirsa, unga dastlabki jarima 500 lari (185 AQSh dollaridan ortiq), keyingisi – 1000 lari (371 AQSh dollaridan ortiq) miqdorda belgilanadi.

Siz atrof-muhitni himoya qilish uchun qanday harakatlarni amalga oshiryapsiz?

Top