8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

11:27 / 19.05.2019 5786

Toshkentda Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumi bo‘lib o‘tmoqda

Ayni kunlarda Toshkent shahri Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumiga mezbonlik qilmoqda. 19 may kuni Simpoziumlar saroyida forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etmoqda.

Moskva xalqaro munosabatlar davlat institutiga 1944 yilda asos solingan bo‘lib, o‘z faoliyati davomida xalqaro maqomga ega ko‘plab kadrlarni yetishtirib chiqqan. Xususan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, USM Holding asoschisi Alisher Usmonov, Rossiya madaniyat vaziri V.Medinskiy, Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri D.Tsogtbaatar, Slovakiya tashqi ishlar vaziri M.Laychak shular qatoridandir.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, forumning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi o‘qib eshittirildi.

«Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilari zamonaviy fundamental bilimlar va keng dunyoqarashga ega o‘z sohasining haqiqiy professionallaridir. Mazkur nufuzli ta'lim muassasasida 400dan ziyod hamyurtimiz tahsil olgan. Joriy yilning sentabr oyida Toshkentda MXMDIning filiali ochilishi katta ahamiyatga ega. Forum doirasidagi sessiyalar mintaqaviy munosabatlarning yanada yaxshilanishi uchun turtki bo‘ladi, deb umid qilaman», ─ deyiladi davlat rahbarining nutqida.

Shuningdek, MXMDI rektori Anatoliy Torkunov tomonidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning nutqi ham o‘qib eshittirildi.

«Bu yil Moskva xalqaro munosabatlar davlat institutining 75 yillik yubileyi munosabati bilan bitiruvchilarning V forumi Toshkent shahrida o‘tkazilayotgani katta voqeadir. Bu voqea mamlakatlarning gumanitar hamkorligini mustahkamlaydi, deb o‘ylayman», ─ deyiladi unda.

Forumda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham ma'ruza qildi.

«Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti yuqori nufuzli ta'lim muassasasi bo‘lib, hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti bilan mustahkam aloqalarga ega. Mazkur institutning xalqaro munosabatlar fakultetida o‘zbek tilining o‘qitilishi hamda o‘zbek talabalari klubining mavjudligi ham ahamiyatlidir. MXMDI filialining Toshkentda o‘z faoliyatini boshlashi ham mamlakatda yuqori malakali diplomatik vakillarning tayyorlanishida muhim rol o‘ynaydi», ─ deya ta'kidladi vazir.

Forum doirasidagi sessiyalarda dunyoning investitsion xaritasi, strategik empatiya va xavfsizlik, xalqaro imij siyosati mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

 

Top