13:21 / 20.05.2019
7621

Yevro-2020 chiptalari narxi ma'lum bo‘ldi

Foto: uefa.com

12 iyundan Yevro-2020 final bosqichi chiptalari sotuvi boshlanadi. Chiptalar, JCh-2018da bo‘lgani kabi, ariza berish va analogik qur'a tashlash orqali sotiladi.

Arizalar birinchi bosqichda 12 iyundan 12 iyuliga qadar qabul qilinadi. Bu bosqichda chiptalarning katta qismi tarqatib bo‘linadi. Ularning nisbatan kamroq qismi turnir boshlanishiga yaqin qolganda sotuvga chiqariladi.

UYeFA ma'lumotiga ko‘ra, jami 3 millionta chipta chiqariladi va shundan 2,5 milliontasi muxlislarga sotiladi. Taqqoslash uchun, Yevro-2016da 1,8 mln dona chipta ochiq savdoga chiqarilgan edi.

Ilk marta ko‘hna qit'aning 12ta shahrida bo‘lib o‘tadigan chempionat o‘yinlarining eng arzon chiptasi – 30 yevro, eng qimmati – 945 yevro etib belgilangan.

Chiptalar uch xil narx kategoriyasi va ikkita klasterga bo‘lingan.

«A» toifasiga Amsterdam, Bilbao, Glazgo, Dublin, Kopengagen, London, Myunxen, Rim va Sankt-Peterburg shaharlari kirsa, «B» toifasi sifatida Boku, Budapesht va Buxarest ko‘rsatilgan.

«A» klasteridagi shaharlarda o‘tadigan o‘yinlar uchun chiptalarning eng arzoni 50, eng qimmat – 225 yevro.

«B» klasterida esa 30 yevrodan 125 yevrogacha pul to‘lab, Yevro-2020 o‘yiniga kirish mumkin.

Yarim final va final o‘yinlari (uchala uchrashuv ham Londonda o‘tadi) uchun chiptalar narxi 85 va 95 yevrodan boshlanadi.

Chiptalarni, yuqorida ta'kidlanganidek, 12 iyundan boshlab bir oy mobaynida euro2020.com/tickets saytida xarid qilish mumkin. Bu muddatda 1,5 millionta chipta sotuvga qo‘yiladi.

Top