13:50 / 21.05.2019
26793

Ming yillik chinor, 120 yillik do‘lana. Samarqandning eng «keksa» daraxtlari haqida bilasizmi?

Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, asl vatani Shimoliy Amerika hisoblangan noyob daraxt – botqoq kiparisi O‘zbekistonning ikkita viloyati Farg‘ona va Samarqandda uchraydi. 1880 yillarda ekilgan bu daraxtlar hozir ham me'yorida o‘sib rivojlanmoqda. Farg‘onadagi bir tup botqoq kiparisi Marg‘ilonsoy atrofida ko‘kka bo‘y cho‘zgan bo‘lsa, Samarqanddagi ikkinchi tup Universitet xiyobonida yashnab turibdi. Har ikki daraxt ham davlat muhofazasiga olingan.

Umuman, yuz yoshdan oshgan har bir daraxt davlat himoyasiga olinadi. Bunday noyob daraxtlar yurtimizda ko‘plab topiladi. Samarqand viloyatida davlat muhofazasiga olingan noyob daraxtlar soni 200 ga yaqin. Samarqand ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi noyob daraxtlar haqida Kun.uz muxbiriga ma'lumot berdi.

Aytaylik, Qo‘shrabot tumanining Fozilmon ota tog‘ida bo‘y ko‘rsatib turgan 450 yillik uch tup archa daraxtlarini haligacha shu yerda yashovchi aholidan boshqa deyarli hech kim bilmaydi. Qizig‘i, bu tog‘larning hech qayerida boshqa archa yo‘q. Shu sababdan bo‘lsa kerak ushbu qadimiy uch tup archa haqida turli rivoyatlar bor. Ulardan biriga ko‘ra, shu tog‘dan o‘tayotgan to‘rt nafar qalandar bir kecha tunash uchun to‘xtab, asolarini yerga qadab chodir qurgan. Ana shu asolar keyinchalik tomir otib, ko‘kka bo‘y cho‘zgan.

Xuddi shunday noyob daraxtlar sirasiga Narpay tumanidagi 150 yillik baobab, 120 yillik do‘lana va 100 yillik qayrag‘och, Qo‘shrabotdagi 200 yoshdan oshgan tut, Urgutdagi 152 yoshli Qrim qarag‘ayi va 105 yoshli yong‘oq daraxti ham qo‘shish mumkin. Ularga «Davlat tabiat yodgorligi» maqomi berilgan.

Viloyatdagi eng «keksa» daraxtlar, shubhasiz chinorlardir. Qadimiy chinor daraxtlari Payariq, Urgut, Toyloq, Narpay, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahrida saqlanib qolgan. Eng yoshi katta chinor Urgut tumanida. Uning yoshi 1 163 da. Urgutdagi «Chorchinor» hududini qadimiy chinorlar muzeyi deyish ham mumkin. Chunki bu yerda ming yoshdan oshgan 6 ta, ming yoshgacha bo‘lgan 4 ta chinor daraxti o‘smoqda.

Anvar Mustafoqulov tayyorladi

Top